Okey, Amerika!
2021-yilda hayotimizda katta o'zgarish bo'ldi: o'tgan yilning noyabridan boshlab AQShda yashayapmiz (yozda ikki oy O'zbekistonda o'tkazilgan vaqtni hisobga olmasa). Hozircha, buni yangi madaniyat va yangi joyni chuqurroq o'rganish uchun yaxshi imkoniyat va qiziq bir tajriba sifatida ko'ryapmiz. Shuning uchun, sarlavha "Salom, Amerika!" emas, "Okey, Amerika!" - bu Amerikaga bir imkoniyat berishdek gap.
Har qanday ko'chishning boshida bo'ladigan o'tish davri va qiyinchiliklar bilan nisbatan kelishvoldik va endi shu tajriba va Amerikaning o'ziga xosliklari bilan bo'lishishga tayyorman. Kanalda/blogda endi Amerikaning turli xususiyatlari haqida xabarlar va maqolalar ko'proq bo'ladi.
Bundan oldin Amerikaga taxminan 7 marta kelganman va 9 ta shtatini ko'rganman. Lekin hamma safarim, asosan, ish bilan bog'liq bo'lgan va Amerikaga turist sifatida qaraganman. Bunda kundalik hayotda uchraydigan bir qancha o'ziga xosliklariga e'tibor berilmaydi. Endi hamma shtatlarini qamrab chiqish va atrofdagi davlatlarni ham o'rganishga yaxshi imkoniyat bor. Va bolalar uchun ham yangi tajriba.
Endi yozadigan ba'zi postlarim Amerikani O'zbekiston bilan solishtirishdek tuyulishi mumkin, lekin mening asosiy maqsadim o'zim payqagan yoki meni hayron qoldirgan yangi bilimni yetkazish bo'ladi. Solishtirib bo'lmaydigan narsalarni solishtirishga qat'iy qarshiman.
Yana bir cheklab o'tadigan mavzuim: Amerikaga qanaqa ketish/kelish bo'yicha maslahatlar. Men bu masala bo'yicha mutaxassis emasman va noto'g'ri ma'lumot berishim ehtimoli katta.
Yoziladigan postlarga ko'proq dunyoqarashni kengaytirish sifatida qaralishini xohlardim. Turli xalqlar, madaniyatlar, mamlakatlar urf-odatlari va hayot tarzini o'rganish dunyoga kengroq qarashga yordam beradi.