Soha bo'yicha kitob topish
Hozir turli nomzodlarni intervyu qilayotganimda kuzatuvim: ko’pchilik kitob o’qimas ekan. YouTube orqali turli videolar ko’rish, maqolalar o’qishning ham foydasi albatta mavjud. Lekin asosiy tushunchalar bo’yicha chuqur bilim olishning yaxshi usullaridan biri — kitob o’qish. Har qanday mutaxassis (yoki umuman odam) uchun bu juda yaxshi odat.
Qaysi kitoblarni o’qish masalasi ham muhim: chunki, sarflanadigan vaqtga arzigulik bilim olish ham lozim. Kitoblarni tanlashda tanishlar, do’stlar va bilimliroq odamlarning maslahatlari ancha asqotadi. Kitob o’qish jarayonida chiqadigan savollar va mavzularni muhokama qilish uchun sherik bo’ladi kamida.
Kitob tanlashning yana bir yaxshi usullaridan biri — ommaviy ro’yxatlar va soha mutaxassislaridan tavsiyalar. Quyida men faqat dasturlash va, umuman, dasturiy ta'minot yaratish bo'yicha yozaman.
Ommaviy ro’yxatlar masalasida, men Goodreads’ga suyanishni tavsiya qilaman. U yerda odamlar turli usullarda kitoblarni to’playdi va tavsiya qiladi. Masalan, Software Engineering nomli janr bor. Va odamlar shu janrni tanlab kitoblarni javonga (shelf) to’plasa alohida reyting chiqadi: Software Engineering Books (dasturchilar uchun bu juda muhim ro’yxat).
Bundan tashqari, odamlar (muallif yoki foydalanuvchi) o'qiyotgan/o'qigan kitoblarini kuzatish mumkin (Bill Gates).
Yana bir usul — ro'yxatlar. Odamlar turli ro'yxatlar tayyorlab bo'lishishadi. "Software Engineering" bo'yicha 40 dan ortiq ro’yxatlar mavjud.
Soha mutaxassislari: biror bilimli odamning blogini ochib tavsiyalari topiladi. Masalan: Jeff Atwood, Joel Spolsky (eskiroq ro’yxat). Yoki BooksChatter, Most Recommended Books kabi saytlar turli manbalardan tavsiyalarni yig'ib chiqadi.
Bunaqa tavsiya va ro'yxatlar har qanday soha yoki yo'nalish uchun mavjud: dizayn, grafika, test qilish, mahsulot boshqaruvi va hokazo.