T-shakldagi bilim
Yaqinda komanda tezligini muhokama qilayotganimizda “T-shaped people” — T-shakldagi odam (bilim) tushunchasiga biroz to’xtaldik.
Agar mutaxassis bilimi faqat bitta yo’nalish bilan cheklangan bo’lsa va shu yo’nalishda kuchli ekspertga aylansa, bu odamning bilimi “I-shaped” — I-shakldagi deyiladi. Chunki bilimning darajasi I harfini eslatadi.
Agar mutaxassis ko’p yo’nalishlarda ozroq bilimga ega bo’lsa va birortasida ham ekspert bo’lmasa, unda uning bilimi “dash-shaped” — chiziq shaklidagi (“dash” — chiziqcha) deyiladi.
Agar mutaxassis ko’p yo’nalishlarda ozroq, lekin shulardan bittasi kuchli ekspert bo’lsa, unda bu bilim — “T-shaped” (T-shakldagi). Chunki yuqoridagi ikkita xususiyatni birlashtirgan hisoblanadi.
Komanda boshida tashkil qilinayotgan T-shakldagi odamlarning o’rni muhim: biror ishni turli tomondan qarab chiqishga yetarli bilim bor va frontend/backend/QA/design kommunikatsiyasi uchun uzoq vaqt ketmaydi. Ya’ni, komanda tezroq harakat qiladi.
Bu mavzuda o’qish uchun ikkita maqolani tavsiya qilaman:
Mavzuga chuqurroq kirilsa, E/M/V/X/π shakldagi odamlar haqida ham o’rganish mumkin.
Shunga o’xshash tushunchani bir paytlar Nikolay Toverovskiy qiziq shaklda bergandi: mutaxassisning mahoratlarini (skills) sakkizoyoqning oyoqlariga o’xshatishgan.
Mutaxassis rivojlantirgan mahoratlariga qarab sakkizoyoqning qaysidir oyog’i uzun yoki qisqa bo’lishi mumkin. Masalan, dizaynerda: topshiriqlarni bajarish, loyihalarni yuritish, interfeyslarni loyihalash, tipografika, grafik dizayn va hokazo “oyoqlar” (mahoratlar) uzunroq shakllangan bo’ladi. Art-direktorga esa, qo’shimcha ravishda topshiriqlarni o’tkazish (delegation), muzokalarni olib borish, jasorat kabilar rivojlanishi muhimroq bo’ladi.
Har qanday soha vakillari uchun shunaqa mahoratlar to’plamini tuzish va shuning ustida ishlash mumkin.