Abdulla Qodiriy parkida qurilayotgan mehmonxona haqida
Kun.uz nashri Toshkent shahar hokimligiga asoslanib yozishicha, Abdulla Qodiriy parkining ichida mehmonxona qurilarkan:
Menimcha, bu oʻta axmoqona qaror. Mehmonxona ixtiyoriy joyda boʻlishi mumkin: hokimlikda ishlaydigan va shu yechimni qabul qilgan masʼul shaxslarning mahallasida, yangi qurilayotgan biror turar-joy oʻrnida, yoki eski Chorsu mehmonxonasida. Lekin shaharda yashaydigan odamlarga tegishli boʻlgan umumiy joyni olib biznesga berish juda ham kutilmagan va kalta oʻylangan qaror. Toʻliqroq fikrlar “Hokimiyatga taklif” nomli postimda yozilgan.
Odamlar uchun sayr qiladigan, dam oladigan, oʻzlarini yaxshi his qiladigan yashil hududlarni koʻpaytirish lozim. Shu mehmonxona oʻrniga attraksionlarsiz biror kichik bogʻ bilan favvora qoʻyilishi shu atrofda yashaydigan odamlarga ancha yordam bergan boʻlardi. Mehmonxona sifatida xususiy hududga aylantirish Abdulla Qodiriy koʻchasidagi tirbandlikni yanada murakkablashtiradi.
Hokimiyat biror qaror chiqarishdan oldin aholi fikrini ham oʻrgansa yaxshi boʻlardi. Masalan, Abdulla Qodiriy parkining qayta qurish boʻyicha eʼlon qilingan loyihaga qoldirilgan fikrlarni oʻqib koʻrish mumkin. Yoki xuddi shu mehmonxona qurish haqidagi yechimni Facebookʼdagi muhokamasi: https://www.facebook.com/Toshkenthokimligi/videos/956674771337384/
Qiziq holat: shu videoning oʻzbekchasi qoʻyilgan postda birorta ham fikr yozilmagan!
Shu yerda Stiv Jobsning bir qiziq gapini keltirmoqchiman:
I have my own theory about why the decline happens at companies like IBM or Microsoft. The company does a great job, innovates and becomes a monopoly or close to it in some field, and then the quality of the product becomes less important. The product starts valuing the great salesmen, because they’re the ones who can move the needle on revenues, not the product engineers and designers. So the salespeople end up running the company. Steve Jobs: When salespeople run tech giants it’s over
Qoʻlbola tarjimasi:
IBM yoki Microsoft kabi kompaniyalarda nega qulash roʻy berishi boʻyicha mening nazariy fikrim bor. Kompaniya zoʻr ish va innovatsiyalar qilyapti va biror sohada monopoliyaga aylanyapti (yoki shunga yaqin), keyin mahsulot sifatining muhimligi kamayadi. Mahsulot buyuk sotuvchilarni qadrlashni boshlaydi, chunki ular daromadni oldinga suruvchilardir, mahsulot injenerlari va dizaynerlaridan farqli ravishda. Shunday qilib sotuvchilar kompaniyani oʻldiradi.
Shahar ham bir mahsulot, startap. Shu yerda yashaydigan aholi esa uning foydalanuvchilari va mijozlaridir.
3-noyabr 2019