🚩2018-yil sarhisobi

Oradan deyarli ikki oy oʻtgandan soʻng 2018-yil sarhisobi haqida yozyapman. Sarhisob qilishimning asosiy sababi — oʻtgan yil juda noodatiy yil boʻldi men uchun. Kamida oʻzim kelajakda qaytib turishim uchun yozishga qaror qildim.

Sayt va blog

Eng katta yutuqlarimdan biri deb hisoblayman bularni. Eski blogimdagi soʻnggi postni 2016-yilda yozgan ekanman. Keyin 2 yillik pauza. 2018-yilda esa sayt va blogimni qayta ishga tushirdim. Bu haqda toʻliqroq koinotga salom yoʻllaganimda yozgandim: 👋Salom, koinot!

Hozirda saytimda 3 ta loyiha, 3 ta sayohat boʻyicha hikoya, shu post bilan 19 ta post yozilgan. Telegram va Instagram faqat tajriba sifatida ishlatilyapti hozir. Odamlar kontentni faqat Telegram orqali qabul qilayotgani menga sal notabiiyroq. Menga eski veb orqali ishlaydigan saytlar, xohlagancha format qila olish, havolalardan foydalanish, qidiruv tizimlari kontentni normal topa olishlari yoqadi. Veb — ochiq, Telegram (va boshqa messenjerlar) — yopiq, Jabber — oʻlik.

Bu yil uchala yoʻnalishning ham sifati va sonini koʻtarmoqchiman: koʻproq fikrlarimni qoldirish, sayohatlardan olgan taassurotlarimni mazmunliroq qilish va 2-3 ta loyiha ustida ishlash. Sayt navigatsiyasini ham oʻzgartiraman. Podkast qilish rejasi ham bor.

Sayohat 🌍

2018-yilda 10 ta yangi davlatga sayohat qildim. Yilning boshida 14 ta davlatga borishni maqsad qilib qoʻygandim, lekin “oʻxshamadi” :) Koʻp davlatlarning faqat bittadan shaharini koʻrdim xolos. Yoʻlim tushganda bu davlatlarning boshqa shaharlarini ham koʻrishga harakat qilaman, albatta. Yangi davlatlar va shaharlar:

  • Belarussiya: Minsk
  • Ukraina: Kiyev
  • Germaniya: Berlin
  • Chexiya: Praga
  • Polsha: Varshava
  • Litva: Vilnyus
  • Latviya: Riga
  • Estoniya: Tallin
  • Turkiya: Istanbul, Izmir, Bodrum
  • Ozarbayjon: Baku

Qoʻshimcha shaharlar: Sankt-Peterburg va Ostin (Texas). Albatta, har yili yoʻlim Kanzas-Siti, Nyu-York, Moskva shaharlariga tushadi.

Bu yil rejasida davlatlar va shaharlar soni kamroq, lekin qiziqayotgan yoʻnalishlarim roʻyxati taxminan aniq:

  • Janubi-Sharqiy Osiyo: Bangkok yoki Singapur, Indoneziya, Avstraliya, Yangi Zelandiya
  • Yevropa: Lyuksemburg, Belgiya, Gollandiya; boshqa yoʻnalish sifatida Gretsiya, Xorvatiya tomonlar
  • Agar imkoniyat qilolsam: Afrikadan biror davlat va Markaziy Amerika yoki Karib davlatlari
  • AQShning ichida ham yangi shaharlar bilan tanishishni davom ettirish: Sidney, Chikago, Mayami...

Yil sayohati

Menimcha, 2 hafta ichida 6 ta davlatga sayohat qilish boʻldi. Berlinda FounderCon Europe 2018 konferensiyasida qatnashgandan keyin 5 ta shaharga tashrif buyurish boʻyicha marafon boshlandi. Avtobusda, poyezdda, samolyotda shahardan shaharga oʻtish, shubhali hostellarda uxlash, kuniga 12-15 kilometrlab piyoda yurish va hokazolar. Eng notoʻgʻri chiqargan qarorlarimdan biri Yevropaning markaziy qismidan sharqiy qismiga boʻlgani: keyingi shahar avvalgi shahardan koʻra bizga “yaqin” — arxitekturasi, yoʻllari, odamlari, tili oʻzgarib boradi. Keyingi safar teskari tarafga sayohat qilish lozim. Bu haqida bemalolroq boʻlganimda yozaman.
Yevropaga sayohat: 2 hafta, 6 ta davlat

Yil migratsiyalari ⛵️

Hatoyimni va ishimni optimallashtirish maqsadida foydalanayotgan uskunalarimga alternativalar qarab turaman. Quyida shular haqida:

  1. Mail.app → Spark. Pochta ishimning asosiy qismi. Aql bilan oʻylab qilinadigan, reaktivmas kommunikatsiya doim pochta orqali. Biroz sinab koʻrgandan soʻng desktopda va mobilda faqat Spark ishlataman: xabarni keyinroqqa qoldirish, eslatishi, inboksni qulay boshqarishi menga juda yoqdi.
  2. Calendar.app → Fantastical 2. Kalendar ham muhim. Kalendarsiz asossiz, esdan chiqadigan vaʼdalar bervorilishi oson :) Fantasticalʼda menga yoqqan imkoniyatlar: kalendarlar toʻplami va ular geojoylashuvga qarab aktivlashishi, qoʻshimcha vaqt zonasi, ikki nusxadagi voqealarni (event) birlashtirishi va h.k.
  3. Sublime Text 3/PyCharm → VSCode. Microsoft oʻziga xos boʻlmagan ravishda koʻpchilikning mehrini qozondi: VSCode — ajoyib. Hozir kod bilan bogʻliq deyarli hamma ishimni shunga oʻtkazganman. Hatto blogimning maqolalarini ham shunda yozyapman.
  4. SpotifyApple Music. Bunda platforma bilan integratsiya yutib chiqdi. Oʻzbekistonda Spotifyʼning tekin versiyasi tekinmas aslida: VPN orqali aktivlashtirib turish uchun vaqt va asab sarflash kerak. Oyiga 80 ming soʻm pulimni Appleʼga berishga qaror qildim. Interfeysi ham menga yoqadi.
  5. Yandex.TaxiMyTaxi. Yandex.Taxi interfeysi qanchalik qulay boʻlmasin, tizimidagi haydovchilarning xizmati yomon: qoʻpolroq, taksi haydash etiketidan xabardorlari kam uchraydi, juda koʻp shaxsiy savollar berishadi. MyTaxi haydovchilari maxsus tayyorlovdan oʻtgani uchun yoqimsiz vaziyatlar kamroq.
  6. Chrome → Firefox. Google odamlarning maʼlumotlarini yigʻish uchun qora patternlarni ishlatishni boshlagani yoqimsiz boʻldi. Aynan mening maʼlumotlarim katta qiziqish uygʻotmasligi mumkin, lekin kattaroq masshtabda yaxshi natijaga olib bormaydi. Google odamlar haqida koʻproq maʼlumot toʻplab, reklama beruvchilarga taqdim qiladigan kompaniya.
  7. Facebook → ×. Yuqoridagi kabi. Shundoq ham Facebookʼni, asosan, Tashkent developers :: Jobs uchungina ishlatardim. Bundan tashqari, Oʻzbekiston aholisi uchun buni davlatimizning oʻzi qilib berdi.

Yil qurilmasi 🎛

Men uchun — Bose QuietComfort 35 Series 2!

Bose QuietComfort 35 Series 2

Avvalroq 40 dollarga olgan naushnikim buzilgandan keyin 2 yil davomida turli variantlarni qarab yurdim. Asosiy naushnikim iPhone bilan keladigani boʻldi, lekin menga ikkita xususiyati yoqmasdi: simliligi va tashqaridagi shovqinni izolyatsiya qilolmasligi. Amerikada koʻp mahsulotlarni sotib olganda 1-2 hafta davomida sinab koʻrib, yoqmasa qaytarvorish mumkin (Amazon pulni qaytaradi). Menga eng yoqqan naushniklardan biri Sony MDR-1000x edi. 2-3 kun ishlatib koʻrgandan keyin qulogʻimga xalaqit berishni boshladi: ergonomikasi mening quloqlarimgamas. Shu segmentdagi ikkinchi variant — Bose QuietComfort 35.

Bose QuietComfort 35 birinchi musiqani eshitib koʻrishim bilan yoqdi. Men uchun juda muhim boʻlgan xususiyati: naushnik bir paytda ikkita qurilmaga ulana oladi. Masalan, kompyuterda video koʻrayotganimda kimdir telefon qilsa, naushnik videoni pauzaga qoʻyadi va ovozni mikrofonga oʻtkazadi. Bu hayotimni juda osonlashtirdi. Avvalgi tajribamda har safar kompyuter va telefonga qoʻlda uzib-ulab yurardim. Boseʼning bu imkoniyati musiqa/podkast eshitish uchun ham kompyuter, ham telefonni ishlatadiganlar uchun juda qulay.

Tashqaridagi shovqinni qaytarishi zoʻr. Samolyotdagi shovqinni bu naushnikni taqqan paytda payqamaslik mumkin. Biror narsaga fokus qilish lozim boʻlganda asqotadi: ishda, kafelarda, shaharda piyoda sayr qilganda, meditatsiya, kitob oʻqish, audiokitob eshitish va hokazo.

Qoʻshimcha imkoniyatlari: ichidagi chip kim telefon qilayotganini oʻzi aytadi, aqlli yordamchilar bilan integratsiyasi mavjud (Alexa, Google Assistant), musiqani boshqa Bose bilan boʻlishish (ishlatmayman).
Kamchiliklari: quloq atrofida joylashgani uchun yotib biror narsa eshitish qiyin, hajmi katta — AirPods kabi choʻntakka solib ketish qiyin va shapka/kapyushon bilan noqulay, baʼzida shovqindan himoya qilishi video chatlarda xalaqit beradi.

Aytib oʻtishga arziydigan boshqa qurilmalar: iPhone XR, Echo Dot, Apple TV. Hammasidan xursandman.

Boshqa sovrinlar 🏆

Rahmat!

Telegram kanalim bu yerda: https://t.me/FarLives

Telegram