Airpods Pro

Shu yil mayda AirPods haqida yozgandim. Keyinroq Telegram kanalimda Sony WF-1000M3 haqidagi postimda AirPodsʼning menga eng nomaqbul tomonini keltirgandim:

AirPods, masalan, mening qulog'imga yaxshi "o'tirmadi": ba'zida tushib ketadi.

28-oktabrda esa Apple AirPodsʼning haqiqiy yangi versiyasini taqdim qildi: AirPods Pro. Apple “Pro” kengaytmasini qoʻshib chiqaradigan mahsulotlarini professional odamlar uchun, deb hisoblanadi: iPad → iPad Pro, MacBook → MacBook Pro. Lekin oxirgi paytlardagi oʻzgarishlarga qaraganda, “Pro” mahsulotlar shunchaki nisbatan koʻproq imkoniyatlari bor, kuchliroq konfiguratsiyaga ega va qimmatroq qurilmalar tushunilyapti: iPhone Pro faqat professionallar uchunmas, shunchaki, kamerani farqiga boradigan foydalanuvchilar uchun. AirPods Pro ham iPhone Pro kabi: ovoz bilan ishlaydigan professionallargamas, shunchaki, ovozni farqlay oladigan va qimmatroq qurilmani olishga tayyor odamlar uchun.

Sony xuddi shu segmentdagi naushniklarini chiqarganda ulardagi shovqinni yoʻqotish tizimi sifatli boʻlishiga shubhalangandim. Chunki, Bose QC35 kabi naushniklar quloqning atrofiga joylashadi (over ear) va quloq uchun oʻziga xos vakuum hosil qiladi (ularning nomi ham inglizchada “headphones” — quloqqa bogʻliq joyi yoʻq). Lekin boshning formasiga qarab ochiq joylardan tashqaridagi shovqin quloqqa eshitilishi mumkin. AirPods Pro esa ambushyuralar (ear tip) orqali quloq teshigining oʻziga joylashadi (inglizchada “earbuds” yoki “earphones”) va shu teshikning oʻzigagina ovoz oʻtkazmaydi. Bu quloqni terlatmasdan shovqinni oʻtkazmaslikka olib keladi — 👍

AirPods Pro farqlari:

  • shovqinni yoʻqotish funksiyasi;
  • shaffoflik rejimi: ham tashqarini, ham AirPods Pro berayotgan ovozni eshitish;
  • silikondan qilingan ambushyuralarning 3 xili mavjud: deyarli barcha quloqlarga toʻgʻri keladi va quloqqa yaxshi joylashadi;
  • qoʻngʻiroq va musiqani, yana shovqinni yoʻqotish rejimini boshqarish sensori (eskisida ikki marta AirPodsʼni turtish kerak edi);
  • suvdan himoya: yomgʻirda ham foydalanish mumkin.
  • va hokazo.

Menga eng muhim joyi ular quloqdan tushib ketmasligi. Menda AirPods yurganda, ovqat yeganda asta-sekin tushib ketadi. Shuning uchun ularni tashqarida taqqanda xavotirda yuraman. Va Bose QC35 kabi shovqinni yoʻqotishi. Bu yerda yozishlaricha, AirPods Proʼdagi shovqinni yoʻqotish rejimi (ANC — active noise cancellation) Boseʼdan koʻra yaxshiroq:

Keyinroq eski AirPodsʼni yangisiga almashtirsam kerak. Ovoz sifatini Bose bilan ham solishtirish lozim: oddiy AirPods ovoz sifatida Boseʼdan orqada.

Bu yerda Markes Braunlidan qisqa taqriz:

Wylsacomʼdan ruscha taqriz:

Aytgandek, bu safar Apple shu mahsulotini tinchgina, hech qanaqa shovqinlarsiz chiqargandan soʻng Twitterʼning tomi ketdi: lentamda juda koʻp odamlar AirPods Pro haqida yozishni boshladi. Qiziq.

Telegram