AirPods

2018-yil sarhisobida Bose haqida yozgandim.

Kamchiliklari: quloq atrofida joylashgani uchun yotib biror narsa eshitish qiyin, hajmi katta — AirPods kabi choʻntakka solib ketish qiyin va shapka/kapyushon bilan noqulay, baʼzida shovqindan himoya qilishi video chatlarda xalaqit beradi.

Lekin yaqinda AirPods ham sotib oldim. Bose egasiga AirPods nega kerak, degan savol koʻp tugʻilgani uchun bu yerda sabablarini keltiraman:

  1. AirPods juda ixcham, gʻilofi bilan choʻntakka solib olib yursa boʻladi. Bu, masalan, biror joyga otlanganda asqotadi agar yoʻlning biror qismini naushniksiz oʻtkazish lozim boʻlsa.
  2. Birinchi sabab tufayli AirPodsʼni yotib ham ishlatsa boʻladi.
  3. Uning ustidan bosh kiyim (qalpoq) kiyish mumkin (Bose qalpoq ustidan taqiladi). Va bu yomgʻir yoqqandayam asqotadi.
  4. Bose quloqning atrofini toʻliq yopgani uchun, issiq havoda yopilgan joy terlaydi. AirPodsʼda bu kamchilik yoʻq.
  5. Mikrofoni videosuhbatlar uchun qulay. Boseʼning shovqinni yoʻqotuvchi texnologiyasi tashqaridan kirayotgan hamma tovushlar uchun ishlaydi: hatto naushnik egasining ovozigayam. Bu audio yoki videosuhbat paytida tashqaridagi shovqin gapirayotgan odamning ovoziga xalaqit berishini taʼminlaydi. AirPodsʼda shovqinni yoʻqotuvchi texnologiya boʻlmagani uchun (hamma boshqa naushniklar kabi) odamning ovozini yaxshi yetkazadi (yozadi).

Umuman olganda, AirPods ancha aqlli qurilma: ishlashi qanaqadir interfeysdagi tugmalargamas, odam oʻzini tabiiy tutishiga asoslangan. Pauza qilish uchun naushnikning bittasini quloqdan olish yetarli: shundoq ham tashqaridagi tovushni eshitish uchun odam shu amalni bajaradi. Naushnikni iPhoneʼga bogʻlash uchun uning qopqogʻini ochib yaqin keltirish kifoya. Naushnikning bittasini mikrofon sifatida ishlatish ham mumkin.

Musiqa, podkast yoki audiokitoblarni eshituvchilar uchun ikkalasi ham boʻlgani maʼqul aslida. Bose biror narsaga fokus qilish uchun, samolyotda yoki shovqinli joylarda chalgʼimasdan ishlashga yaxshi yordam beradi.

One more thing: AirPods ikkita qurilmaga bir paytda bogʻlanolmaydi. Bose bilan boʻlgan tajribadan soʻng, qoʻlda qurilmalarni almashtirish xuddi oʻtgan asr texnologiyasiga oʻxshaydi.

Boʻlishing:

Telegram