AQSh va Rossiyadan buyum sotib olish

Yaqinda 3-4 ta tanishim Amazonʼdan qanday buyum sotvolishim haqida soʻrashdi. Chaqmoq FM podkastining sahifasida ham shu savolni berishgan. Iyun oyida esa Rossiyadan ham baʼzi buyumlarni sotib oldim. Hammaga alohida tushuntirib chiqmaslik uchun shu tajribani bitta maqola orqali boʻlishyapman.

Avvaldan ogohlantiraman: bu usullar oʻzimning tajribamga asoslangan va quyidagi yetkazib berish xizmatlariga mening aloqam yoʻq.

AQShdan

Amazon juda kam mahsulotlarni Oʻzbekistonga yetkazishni taklif qiladi. Bular ham eson-omon yetib kelishini hech qachon tekshirmaganman. Avvallari Khaymans Group USA INC orqali elektronikani buyurtma qilardik. Lekin keyinroq EZDelivery.uz servisidan foydalanishni boshladim.

Xuddi boshqa yetkazib berish xizmatlaridek, EZDeliveryʼning oʻz omborlari mavjud. Birinchisi Nyu-York shahrida va ushbu manzilni koʻrsatib mahsulot sotib olganda soliq toʻlanadi. Ikkinchi ombor Delaver shtatida va bu manzilga yuborilgan mahsulotlardan soliq olinmaydi.

Jarayon quyidagicha:

  1. EZDelivery.uz saytida roʻyxatdan oʻtiladi.
  2. Shaxsiy kabinetga kirib manzillar koʻriladi.
  3. Amazon yoki boshqa biror magazindan buyurtma qilinganda shu manzillardan biri koʻrsatiladi.
  4. Yuk kuzatish uchun tayyor boʻlganda (tracking) pochta kuzatuv kodi (tracking code) va buyumlar shaxsiy kabinetga kiritiladi.
  5. Yuk EZDelivery omboriga yetib borganda buyurtma deklaratsiya uchun tayyor boʻladi. Men oʻzimning kvotamdan oshadigan buyum olmaganim uchun deklaratsiya shunchaki bitta tugmani bosish xolos.
  6. Keyin yuk Oʻzbekistonga yuboriladi, bojxonadan oʻtadi va shu yerdagi kuryer telefon qilib yukni yetkazib beradi.

Agar yukning kuzatuv kodi (tracking code) va maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilsa, jarayon toʻlaligicha shaxsiy kabinetning oʻzida amalga oshadi. Xizmat uchun Oʻzbekistonda naqd yoki Visa, Master Card orqali shaxsiy kabinetda pul toʻlasa boʻladi.

EZDelivery Amazon kabi AQSh magazinlaridan oʻzlari biror mahsulotni sotishga yordam berish-bermasligini bilmayman. Bu valyuta kartasi boʻlmaganda asqotishi mumkin.

Tariflari: https://www.ezdelivery.uz/tarifs

Rossiyadan

Oʻzi Rossiyadan onlaynda buyum sotib olmasdim, lekin yaqinda uy uchun IKEA magazinidan baʼzi narsalarni olishni xohladim. Biroz oʻrganib chiqqandan soʻng YUMECS xizmatida toʻxtadim.

Afsuski, YUMECS xizmatida hali shaxsiy kabinet va yukni boshqaruv paneli yoʻq. Lekin ularning Toshkentdagi raqamiga telefon qilganimdan soʻng Telegramʼda guruh ochishdi va jarayonni juda yaxshi boshqarishdi.

YUMECSʼda jarayon quyidagicha:

  1. Telegramʼdagi guruhda barcha savollaringizga javob berishadi. Moskvadagi manzilni ham shu yerda berishadi.
  2. Yetkazib berish uchun uy manzili, passportning elektron nusxasini beriladi.
  3. IKEA yoki boshqa magazindan mahsulotlar xarid qilinadi va YUMECS bergan manzilga yuboriladi.
  4. YUMECS yuk ularning omboriga tushganda xabar berishadi va taxminiy yetkazib berish vaqtini ham soʻrash mumkin.
  5. Yuk Oʻzbekistonga kelgandan soʻng kuryer telefon qilib koʻrsatilgan manzilga yetkazib beradi.

Bu xizmat uchun Oʻzbekistonning soʻm-kartalaridan (Payme/Click) yoki Visa/MasterCard orqali maxsus saytdan pul toʻlasa boʻladi. Naqd pul toʻlashni soʻramadim.

YUMECS Rossiyadan buyum xarid qilish uchun ham yordam berishadi. Albatta, qoʻshimcha haq evaziga.

Tariflari: https://yumecs.uz/fares/


Men javobini topolmagan va yoritmagan bitta masala qoldi. Hozirda bojxonadan kuryerlik xizmatlari orqali oʻtadigan yuklarning umumiy narxi bir kvartalda (3 oyda) 1 000 (ming) AQSh dollaridan oshsa boj toʻlovi mavjud (bu haqida yozgandim). Internetni biroz titib shu kvotani qayerda onlayn tekshirish mumkinligini topolmadim.

Telegram