Geografiya darsi

Sarlavha juda “banalno” tuyulishi mumkin, lekin boshqachasiga tushuntirish imkoniyati kamga oʻxshayapti.

Oʻzbekistonning joylashuvi haqidagi qisqa fikrlarim bilan oʻrtoqlashsam. Geografiya darsidan eslaymiz, dunyoda faqatgina ikkita davlat dengizga chiqish uchun ikkita davlatni kesib oʻtadi: Oʻzbekiston va Lixtenshteyn. Lixtenshteyn Yevropadagi kichkina davlat va atrofida faqat barqaror davlatlar mavjud. Shuning uchun, dengizga chiqish masalasi katta muammo emas.

Oʻzbekiston esa har qanaqa mahsulot (paxta, meva, gaz, tekstil, oltin va h.k.) ishlab chiqarmasin, uni eksport qilish uchun qoʻshni davlatlar orqali dengizga chiqishga majburmiz. Buning uchun tanlov ham koʻpmas: Afgʻoniston va Pokiston orqali oʻtishi mumkin boʻlgan yoʻl xavfsizligiga hech kim javob bermaydi, Qirgʻiziston va Xitoy orqali yoʻl juda uzoq, Turkmaniston va Eron orqali ham qiyinroq — Eronning sanksiyalari sabab. Yagona yaxshi yoʻl: Qozogʻiston va Rossiya orqali. Alternativa (Qozogʻiston/Turkmaniston → Kaspiy → Ozarbayjon → Gruziya → Qora dengiz) qiyinroq, menimcha. Bu, oʻz-oʻzidan, Rossiya bilan hisoblashishga majburlaydi.
Oʻzbekiston joylashuvi

Lekin, bizning geografik joylashuvimizga qaramasdan hisobga olishimiz lozim boʻlgan ikkita soha bor. Birinchisi: axborot texnologiyalari. Ikkinchisi: kosmonavtika.

Axborot texnologiyalari

Bu sohaga axborot texnologiyalari bilan bogʻliq turli xizmatlar va mahsulotlar kiradi: dasturiy taʼminot ishlab chiqarish, dizayn, grafika, kontakt markazlari va h.k. Bularni eksport qilish uchun temir yoʻllari yoki dengiz kerak emas. Yagona sharti: internet tezligi va stabilligi.

Speedtest.net statistikasiga koʻra, Oʻzbekiston internet tezligi boʻyicha 131-oʻrinni egallaydi (mobil — 129-oʻrin). Roʻyxatda 177 ta davlat bor. Solishtirish uchun: Qozogʻiston — 61-oʻrin, Qirgʻiziston — 92, Tojikiston — 113, Turkmaniston — 176(!).

Internet tezligi

Speedtestʼning aytishicha, yanvar oyida Oʻzbekiston 23 oʻringa pasaygan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Oʻzbektelekom bilan hamkorlikda) Oʻzbekistonda kommunikatsiyalarni qayoqqa qarab rivojlantirayotganining yaqqol dalili bu.

Keyingi masala — internetning stabilligi. Davlatning baʼzi shaxslari/organlari xohlagan paytda xohlagan sayt yoki servisni yopib qoʻyadigan davlatda axborot texnologiyalarini stabil eksport qilish haqida gapirish qiyin. Hech qanday izohlarsiz YouTube, Facebook, SoundCloud, Vimeo, Opera kabi saytlar “yopilib qolishi” odatiy holatligi juda achinarli.

Men haligacha shubhadaman: Milliy operatorimiz internet tezligini 10 martaga oshirgani yarim yolgʻon. Menimcha, tezlik oshishining qanchadir qismi trafik koʻp ketadigan saytlarni (Facebook, YouTube) yopish orqali boʻlgan.

Masalan, kalta oʻylaydigan odamlar YouTube servisini axmoqlarcha yopishgan: Google servislari bir-biri bilan bogʻliqligi, baʼzida Google hisobingiz orqali biror saytga kirayotganingizda accounts.youtube.com domeni ham ishlatilishi hisobga olishmagan. Facebook bilan ham shu vaziyat: juda koʻp saytlar, servislar Facebook orqali kirishni ishlatadi va ular shunchaki ishlamay qolishi mumkin. Yoki shu harakatning Oʻzbekistonda biznes muhitiga yomon taʼsirini oʻylashmaydi.

Bundan tashqari, shunaqa cheklovlar Oʻzbekistonning eng katta boyligi — aqlli odamlar nazdida davlatning imidjini tushirishini ham oʻylashmaydi. Bu esa katta yoʻqotish.

Ukraina, Belorussiya, Hindiston, Rossiya kabi axborot texnologiyalariga bogʻliq mahsulot va servislarda ilgʻor mamlakatga aylanmoqchimizmi, marhamat: aholi tez va stabil internet bilan taʼminlansin.

Kosmonavtika

Bunisi ozgina romantika, uzoqroq kelajak uchun. Lekin hozirdan tayyorlanib borishdan bizni hech narsa toʻxtatmasligi lozim.

Odamzod Yerni oʻrganib boʻldi. Buyogʻiga sayyoramizda bizni juda hayron qoldiradigan joylar chiqishi ehtimoli kam. Bizning ajdodlarimiz dengizdan uzoqroqda joylashganligi uchun, kemasozlik va yangi yerlar ochiladigan paytni oʻtkazib yuborishgan.

Ammo!

Dunyodagi hamma davlatlarning kosmosgacha boʻlgan masofasi bir xil. Nimani nazarda tutayotganimni Lebedev studiyasining “Evakuatsiya rejasi” nomli plakatida yaqqol koʻrish mumkin:
Evakuatsiya rejasi

Oʻzbekiston ham kosmosni oʻrganish boʻyicha tajriba paydo boʻlishini boshlashi lozim. Xitoy, AQSh, Rossiya kabi milliardlab dollar sarflash shart emas. Biz ular kabi katta davlatmasmiz. Oddiyroq Kubsatlarni uchirishdan boshlash mumkin, masalan. Izlansa alternativalari ham bor. Amazon yaqinda sunʼiy yoʻldoshlar yuboradigan maʼlumotlarni qayta ishlashni osonlashtiradigan servis ham taqdim qilgan: AWS Ground Station.

Kosmonavtikada natija tez boʻlmasligini tushunaman. Shunchaki birinchi kichik qadam qoʻyilishi tarafdoriman. Odam uchun kichik qadam. Balki, shu qadam internet muammosini ham hal qilar...

Telegram