Buyuk ajdodlarimiz

Bir necha yuz yillar avval yashagan ajdodlarimiz bilan faxrlanishga undash muhim propagandalaridan biri. Alisher Navoiy, Amir Temur, Al-Xorazmiy, Al-Buxoriy, Abu Ali Ibn Sino, Fargʻoniy va hokazo allomalarimizni uzoq sanashimiz mumkin. Albatta, hamma xalqlarning ham oʻz qahramonlari mavjud.

Bir tomondan, insoniyat rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan ajdodlarni xotirlash va ularning nomini abadiylashtirish — yaxshi gʻoya. Lekin, men ular bilan faxrlanish va toʻxtamasdan ularni yoshlarga misol sifatida koʻrsatishga salbiy qarayman. Allomalar, albatta, buyuk ishlar qilishgan va asosiy fikr bu aynan “qilishgan”. Oʻtgan zamonda. Yuzlab yil oldin.

Afsuski, biz allomalarimiz bilan qancha faxrlanganimiz bilan:

  • Dunyodagi eng yaxshi tibbiyot biznikimas, Ibn Sino bizning ajdodimiz boʻlishi va uning nomi bilan butun boshli bitta soha (fan) atalganiga qaramay.
  • Eng kuchli dasturchilar, injenerlar, AT sohasi mutaxassislari bizdamas. Al-Xorazmiy matematika rivojlanishiga katta hissa qoʻshganiga qaramay.
  • Adabiyotimiz ahvoli haqida biror narsa ham deyolmayman, chunki, birorta odamdan soʻnggi yillarda yozilgan biror asar boshqa tillar va davlatlarda muhokama boʻlganini eslolmayman. Bu ham Alisher Navoiyning hissasiga qaramay.
  • Geografik joylashuvimiz juda noqulay. Amir Temur buyuk sarkarda boʻlgani va davlat chegaralarini kengaytirganiga qaramay. Bundan tashqari, u qurgan binolar va ularning atrofini yaxshi saqlab qolishni ham eplolmayapmiz.

Men esa zamonamiz qahramonlari bilan faxrlanishni xohlardim:

  • Kimdir Nobel mukofoti olsa.
  • Jurnalistlarimiz Pulitser mukofotini oladigan darajada kuchaysa.
  • Mamlakatimizda kuchli xalqaro AT-kompaniyalar paydo boʻlsa. Yandex, Wargaming, EPAM, MacPaw, Grammarly va hokazolar kabi. Atayin sobiq Sovet davlatlaridan misol keltirdim, sal boʻlsa ham adolatli solishtiruv boʻlsin, deb.
  • Yoki Telegram, TikTok, Pixelmator kabi mahsulotlar ishlab chiqarilsa.
  • Odamlar davolanish uchun falon pul sarflab Hindiston, Isroil kabi davlatlarga bormasa.
  • Fazoni oʻzlashtirish uchun hissa (hech boʻlmasa sunʼiy yoʻldosh) qoʻshsa.
  • New York Times keltiradigan “bestseller” kitoblar paydo boʻlsa.
  • Xalqi erkin va boy yashaydigan, adolatli saylov boʻladigan, korrupsiya va monopoliyalar kam davlat quradigan amaldorlar paydo boʻlsa.
  • Biror filmimiz Oskarga nomzodi qoʻyilsa.
  • Insoniyat darajasida hissa qoʻshadigan odamlar paydo boʻlsa: Bill Geyts, Elon Mask, Li Kuan Yu kabi.

Yana bir qancha narsalarni sanashim mumkin, lekin roʻyxatni uzaytirgandan foyda yoʻq. Yuz yillar oldin yashagan odamlarning muvaffaqiyati haqida oʻylashdan koʻra aynan hozir odamlar yuqoridagi kabi muvaffaqiyatga erishishi uchun nima qilayotganimiz yoki qilmayotganimiz haqida qaygʻurishimiz lozim.

Telegram