👋 Salom, koinot!

Blogimga so‘nggi postimni 2 yil 6 oy avval yozgan ekanman. Shundan beri hayotimda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi va blog yozishga yetarlicha qiziqish bo‘lmadi. Lekin, har zamonda orttirilgan bilim va tajribani boshqaralarga yetkazish, ba’zi mavzulardagi fikrlarni ko‘proq odamlarga bildirish xohishi blog haqida eslatib turardi.

2017-yilning oxiriga kelib blogim va saytimni qayta ishga tushirishga qaror qildim. 1-2 yilda O‘zbekistonda shuncha narsa o‘zgarib ketayotganda bitta sayt va blogni qayta jonlashtirish ko‘plik qilmaydi :~)

Sayt

Yangi saytni foydaliroq qilishga qaror qildim: men haqimda hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan odam uchun blogdagi postlarni taklif qilish noto‘g‘ri.

Saytning asosiy qismini doimiy yuritiladigan blog tashkil qiladi. Bundan tashqari, “Sayohat” ruknida turli shaharlardan orttirilgan tassurotlarimni bo‘lishib boraman.

Odamlarga foyda keltiradigan loyihalar bilan shug‘ullanishni davom ettiraman. Mavjudlarini tayyorlash va yangilashni boshlaganman.

Blog

Blog uchun endi Hugo ishlatyapman. Umuman sayt shu tizimda ishlayapti hozir. Egeya sayt qilish uchun yaroqlimasligi, WordPress juda ko‘p narsani talab qilishi bilan tanlovlardan chiqib ketdi. Ghost bilan kelisholmadim: saytni to‘liq boshqarish uchun menga yetarli imkoniyatlar bermadi.

Bundan tashqari, Hugo orqali sayt va undagi kontent dizaynini o‘zim to‘liq boshqara olaman. Medium/Blogger/LiveJournal va hokazolar buni bermaydi.

Telegram, Instagram, Twitter

Men uchun qiziq bo‘lgan asosiy platformalardan biri — Telegram. O‘zbekistonda eng asosiy ijtimoiy tarmoqqa aylanib bo‘lgan platformada shaxsiy kanalim bo‘ladi:

   Farhodjon yashayapti

Kanalda, blogdagi yangi postlar, yangi loyihalarni e’lon qilishdan tashqari, turli qo‘shimcha fikrlar, fotolar, kundalik uchraydigan, lekin blogga yozish shart bo‘lmagan va tezda bo‘lishish lozim bo‘lgan xabarlarni qo‘yaman.

Instagram’da faqat yaxshi va kundalik fotolar. Twitter haqida hali o‘zim aniq xulosaga kelganim yo‘q. Katta ehtimol bilan unda qanaqadir o‘ziga xos auditoriya uchun qiziq bo‘lgan muhokamalarni yuritishga harakat qilaman.

2018-yilga rejalashtirgan eng katta shaxsiy maqsadlarimdan birini amalga oshirdim!

🎉

Telegram
Odnoklassniki