Notion

2019-yilda DevFest festivalida qisqa nutq qilgandim. Unda, Super Dispatch kompaniyasida hujjatlarni yuritish va boshqarish jarayoni haqida gapirib berganman. Hujjatlarni yuritish uchun uskunalar evolyutsiyasi bundoq boʻlgan: Google Docs → Dropbox Paper → Atlassian Confluence → Notion.

Notion juda ajoyib uskuna. Kompaniyaning butun bilimini bitta joyda saqlab, hammaning “qoʻli yetadigan” qilish uchun rosa mos. Ayniqsa, hozirgiga oʻxshagan, kompaniyadagi odamlar bitta ofisda ishlamayotgan davrda.

Umuman, hujjatlarni mazkazlashgan holatda saqlashning quyidagi afzalliklarini koʻraman:

  1. Odamlarning xotirasiga ishonish notoʻgʻri: yoddan chiqadi, qaysidir detallari almashishi mumkin, har xil odam bilim darajasiga qarab har xil qabul qiladi va hokazo. Bu masalada hujjatlar xolis doimiy xotiraga aylanadi.
  2. Hujjatlar yaqqollik qoʻshadi. Turli kelishuvlar, topshiriqlar, jarayonlar hujjatlashtirilishi bularni keyinroq qayta koʻrib chiqish, nimalarni optimallashtirish mumkinligini aniqlashga yordam beradi.
  3. Odatda, hujjatlar — doimiyroq xotira. Pochta, turli messenjerlar orqali almashiladigan maʼlumot hafta yoki oylar oʻtib unutiladi. Hujjatlarni esa saqlanadigan joyiga qarab tezda topvolish mumkin.
  4. Hujjatlar odamlarga bogʻliqlikni yoʻqotadi. Bu kompaniya va kompaniyada ishlaydigan odamlar uchun foydali. Kompaniya biror odam ishdan ketishidan qoʻrqmasligi mumkin, chunki, bu odamning toʻplagan bilimi kompaniyada qoladi va boshqa odam ishni davom ettirishi mumkin. Xodimlar esa bemalol taʼtilga chiqa oladi: hamma bilim hujjatlashtirilgan va ishda qolgan odamlar biror narsani soʻrab telefon qilishi yoki bu odam ishga qaytishini kutishi shart emas.

Super Dispatchʼda hujjatlar boshqaruvi uchun yillar davomida turli uskunalar va servislardan foydalanganmiz. Lekin eng soʻnggi va samaradorligimizga katta hissa qoʻshgan qarorimiz — Notionʼga oʻtishimiz boʻlgan. Hozir kompaniyadagi deyarli hamma bilim Notionʼda. Kod yozish boʻyicha kelishuvlar, ishlash shartlari, korporativ madaniyat, uchrashuvlardagi mavzular (agenda), turli qoʻllanmalar, rejalar, tashabbuslar — hammasi hammaga ochiq.

Men oʻzim shaxsiy loyihalarim uchun ham Notionʼdan foydalanaman. Ayniqsa, boshqa odamlar bilan ishlashimga toʻgʻri kelganda: Chaqmoq FM mavzulari avvaldan mehmonlarga Notion orqali yuboriladi, masalan. Yoki yil rejasi yoki sayohatni rejalashtirib chiqish uchun ham qulay. Va, shaxsiy foydalanish uchun bepul: https://www.notion.so/personal

DevFest 2019 slaydlari bu yerda: The Power of Documentation.

Telegram