Internet tezligi haqida (yana)

Spot.uz va Kun.uz yozishicha, Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida AKT vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov quyidagilarni aytgan:

  1. Internetga ulanish imkoniyati tezligini 10 marotabaga oshirish (aholida internetga ulanish imkoniyatini o‘rtacha 10 Mbit/s dan 100 Mbit/s gacha, korxona va tashkilotlarda esa 100 Mbit/s dan 1000 Mbit/s gacha).
  2. Xorijiy kontent tashkil etuvchi Google, Yandex va Facebook kabi kompaniyalarning resurslarini respublikamiz hududiga joylashtirish ishlari olib boriladi.
  3. Aholi maskanlarini yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash maqsadida respublikamizning aholi hududlari bo‘yicha 12 ming kilometr uzunlikda optik tolali aloqa liniyalari quriladi.

Internet tezligini 10 marotaba oshirish juda yaxshi, lekin tezlikni solishtirish ichkariga nisbatan boʻlmasligi lozim. Masalan, biror tashkilot yoki jarayonning samaradorligini oʻlchash uchun KPI (key performance indicator — asosiy samaradorlik koʻrsatkichi) ishlatiladi. Agar biz Oʻzbekiston ichkarisidan qarasak, internet tezligining 1 yoki 2 Megabit/sekundga oshishi yaxshidek tuyuladi. Lekin bu odamlarning hayotini juda ham yaxshilamasligi tabiiy. Shuning uchun, KPI sifatida internet tezligi boʻyicha Oʻzbekistonning dunyoda egallagan oʻrnini olish lozim. Speedtestʼning global roʻyxatida Oʻzbekiston mobil internet boʻyicha 132, simli internet boʻyicha 104-oʻrinni egallayapti. AKT vazirligiga bunaqa topshiriq qoʻyish mumkin: AKT vazirligi 2020-yilning oxirigacha mobil internet tezligini 100-oʻrindan va simli internet tezligini 90-oʻrindan quyiga tushirish. Keyin AKT vazirligi turli yoʻllarini oʻylab topsin va vazirlikka shu masalada xalaqit beradigan toʻsiqlar olib tashlansin. Balki, hozirgi internet tezligini yetarli, deb hisoblayotgan Oʻzbektelekomʼdan tashqi kanalga boʻlgan monopoliyasini olib tashlar: u ham boshqa kompaniyalar bilan bir xil huquq asosida ishlab koʻrsin?.. Balki, saytlarni ortiqcha cheklashga harakat qilib (0,05% odam kirishi mumkin boʻlgan) butun Oʻzbekiston xalqiga zarar yetkazilayotgandir?..

Umid qilaman, 2018-yildagidek internet tezligini oshiramiz, deb YouTube, Facebook kabi saytlarni yopib qoʻyishmaydi va Oʻzbekiston uchun internet tez va barqaror boʻlishi juda muhimligini tushunishadi.

Google, Yandex va Facebook kabi kompaniyalarning resurslarini respublikamiz hududiga joylashtirish haqida men ikkilanyapman. Bir tomondan, internet traffikini juda katta qismi boʻlgan YouTube va Facebook (videolar) kontenti mamlakatning ichida boʻlishi juda qulay. Ular uchun xuddi bir CDN edge server (kontent yerkazish tarmogʻidagi server; fayllar sinxronizatsiya qilinib, atrofdagi foydalanuvchilarga shu serverdan maʼlumot yetkaziladi) kabi ishlaydi. Ikkinchi tomondan esa, aynan qanaqa maʼlumotlar saqlanishi va Oʻzbektelekom kabi kompaniyalar qanaqa qismini koʻra olishi qiziq. Masalan, agar ular mening shaxsiy maʼlumotlarim, xabarlarimni koʻra oladigan holat boʻlsa (bunga texnologik kompaniyalar ham yoʻl qoʻymaydi aslida), bu kerak emas. Internet tezligining oshishi va davlat internet biznesiga xalaqit bermasligi shu kompaniyalar tabiiy ravishda bizning bozorga qiziqishiga olib keladi.

Respublika hududida optika liniyalarini qurishga men juda ijobiy qarayman. Regionlarda ham internet-biznes rivojlanishi uchun bu juda muhim. Masalan, shahardan tashqariroq joyga 1-2 haftaga ishlagani chiqish uchun odam ikkilanadi: hatto mobil internet yetarlicha tezlikka ega boʻlmasligi mumkin. Va internetning narxlanishini ham alohida KPI sifatida yuritsa boʻladi.

Telegram