Bayramlarda dam olish

Koʻp davlatlarning bayramlari hozirgi zamonga moʻljallanmagan. Yilning kalendar sanasini bayram va dam olish kuni sifatida eʼlon qilish har doim ham odamlar uchun qulay emas. Kalendar sanasi baʼzi yillarda shundoq ham dam olish kunlariga yoki haftaning noqulay ish kuniga toʻgʻri kelishi mumkin.

Masalan, 1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni va bu kunda butun Oʻzbekiston dam oladi (faqat oʻqituvchilar emas). Bu yil dam olish kuni seshanbaga toʻgʻri kelyapti. Hammaga ham 2 kun (shanba, yakshanba) dam olib, keyin dushanba kuni ishlab, soʻng seshanbada yana dam olish qulay emas. Menga dam olish kunlari dushanba yoki juma kunlari boʻlgani maʼqul.

Shuning uchun, bunaqa bayramlarni kalendar kuniga qarabmas, oyning haftasiga nisbatan belgilash lozim: oktabrning birinchi dushanbasi, mayning ikkinchi jumasi kabi. Odamlarda 3 kun dam olish imkoniyati har yili boʻladi. Bayram atrofidagi dam olish kunlarini surish va oldindan noaniqliklar ham boʻlmaydi: baʼzida “qaysi kuni dam olinadi?” degan savolga bayramga yaqin qolguncha javob boʻlmasligi mumkin. Albatta, Yangi Yil, hayit kabi xalqaro bayramlarni butun dunyo bilan nishonlagan maʼqul.

AQShdagi baʼzi bayramlar shunaqa: Shukronalik kuni — noyabrning 4-payshanbasi. Shu hafta nisbatan yalqovroq hisoblanadi: koʻp odamlar bayramni oilasi bilan kutgani uchun, dushanba-seshanbadan boshlab keyingi dushanbagacha dam olishadi.

Oʻqituvchilar kuni haqida yaqinda amerikalik tanishim qiziq gap aytib qoldi:

Bu kunni hamma uchun dam olish kuni sifatida nishonlab iqtisodiyotga zarar yetkazgandan koʻra, shu bir kunda soliqlardan tushadigan pulni oʻqituvchilarning oyligiga qoʻshib berish koʻproq foyda keltirarmidi...

Xalqaro murabbiylar kuni aslida 5-oktabrda nishonlanadi.

Telegram