Oʻzbekiston temir yoʻllariga taklif

Dekabr oyida Oʻzbekiston temir yoʻllari xizmatidan foydalandim. Quyida oʻzgartirish kerak boʻlgan baʼzi takliflarimni yozaman.

  1. Elektron biletni sotib oladigan sayt mavjud va ishlayapti. Lekin u yerdan olingan biletni haqiqiy biletga almashtirish lozim. Aslida, telefondagi shtrix yoki QR kod tekshiruvchilarga yetarli boʻlishi kerak.
  2. Poyezdga oʻtirgungacha 4 marta passport tekshiriladi: bilet olinishida, vokzalga kirishda, biletga muhr (!) qoʻyilishida va vagonga oʻtirishda. Shularning faqat bittasini qoldirish yetarli. Har qadamda passport tekshirish Temir yoʻllari xodimlari bekor qolmasligi uchun oʻylab topilgandek.
  3. Ikkinchi va uchinchi tekshiruv shundoq yonma-yon joylashgan: yuklarni tekshirgandan soʻng, Temir yoʻllari xodimi chiptaga muhr qoʻyadi. Shundoq ham undan avvalgilar ham passportni, ham chiptani tekshirganiga qaramasdan. Umuman olganda, 21-asrda muhr qoʻyish nega kerakligiga hayronman.
  4. Vagonga oʻtirishda passport tekshiruvining sababini chiptadagidan boshqa odam vagonga oʻtishmasligini oldini olish, deb aytishdi. 3 ta tekshiruvdan keyin bunisi shartmas.
  5. Dunyoning juda koʻp davlatlarida vokzalga kirish bemalol: vagongacha chipta/passport tekshirilmaydi. Bizda xavfsizlikni sabab qilib butun vokzal panjara (paranji) bilan oʻralgan. Panjaralar kerakmas. Bu Havo yoʻllariga ham tegishli.
  6. Shaxsan menga ekonom yoki biznes tarifidagi vagonlar “VIP”dan koʻra qulayroq. Birinchi turdagi vagonlarda alohida kitob oʻqib yoki ishlab ketish imkoniyati bor. “VIP”da esa 4 ta odam bir-biriga qarab oʻtiradi. “VIP”da biznes odamlari uchun koʻproq imkoniyat berish kerakmi?..
  7. Vagondagi stollarda dasturxon kerakmas. Stol toza turishi yetarli. Dasturxon har tomonga surilib, ustiga kompyuter va smartfon qoʻyishni noqulaylishtiradi. Yana har doim ham tozamas dasturxonlar.
  8. Vagonda sifatsiz, arzon, men ichmaslikka harakat qiladigan kofe beriladi xolos: 3 tasi birda MacCoffee. Hech boʻlmasa amerikano yoki kapuchino boʻlishini xohlardim.
  9. Hojatxonalar iflos va gigiyeniya qoidalariga amal qilmaydi. Odam bemalol foydalanishdan qochadi. Ularni toza saqlash Temir yoʻllarining asosiy vazifalaridan biri.
  10. Vagonlarda internet yoʻq. Wi-Fi tarmoq berish taklif qilinadi. Pulga taklif qilinishini ham oqlayman. Poyezdlar mobil aloqa ishlamaydigan joylardan ham oʻtishini hisobga olsak, bu koʻpchilikka asqotadi.
  11. Vagondagi televizorlarda juda sifatsiz filmlar beriladi. Yana ovozi juda baland. 10-punktni ijro qilib, televizorlarni olib tashlash lozim. Ularni hatto oʻchirib ham boʻlmaydi.
  12. Ovqatlarning ham sifatini koʻtarish shart, deb oʻylayman.
  13. Kuzatganim: poyezdga chiqishdan oldin odamlar doim vagonlarni izlashadi. Taklif: vagon oynalariga katta-katta qilib vagon raqamlari yozilsin. Yana vagon konduktorlari raqam yozilgan kattaroq plakatlarni ushlab turishsayam mayli.

Boʻlishing:

Telegram