Yoʻl tuzatuvchilar mantigʻi

Meni juda hayron qoldiradigan va haligacha tagiga yetmagan qanaqadir sehrli, hech aqlga sigʻmaydigan va joriy ilm-fan bilan tushuntirib boʻlmaydigan bir narsa hayron qoldiradi: yoʻl tuzatuvchi va quruvchilarning mantigʻi.

Bularning ichiga yoʻldagi turli chiziqlarni chizadiganlar, asfalt qilish, koʻpriklarni tuzatuvchilar, tozalovchilar ham kirib ketadi.

Tasavvur qiling, mantiqan, shu kabi ishlarni qiluvchilar yoʻlda mashina eng kam boʻladigan paytni tanlashi lozim. Masalan, dam olish kunlari, tunda, yoki juda boʻlmaganda kunduzi. Pandemiya tufayli karantin kiritilgan vaqt esa juda ideal (quruvchilarga ruxsat berilganda bularga ham berilishi mumkin).

Lekin qanaqadir men tushunmaydigan mantiq asosida ular tanlaydigan vaqt va kun:

  1. Albatta ertalab soat 8:00 va 10:00 orasi. Odamlar ishga shoshilib yoʻlga tushganda ular bemalol yoʻlning toʻlaligicha yoki bir qismini yopvolib ishlashadi.
  2. Kechki payt 17:00 va 19:00 orasida. Hamma uyiga shoshiladi, yoʻlda tirbandlik, haydovchilarning asabi tarang. Bular bemalol chiziqlarni chizib yurgan boʻlishadi.
  3. Ish kunlari. Shanba va yakshanbada shaharda mashina kam boʻladigan paytdan foydalanmasdan, dushanbani poylashadi 😀

Xuddi shu ishlar bilan shugʻullanuvchi odamlarning vazifalaridan biri yoʻl harakatiga xalaqit berishdek…

Tunov kuni ertalab anhor boʻyida biroz sayr qilayotganda A. Qodiriy va Labzak koʻchalari chorrahasidagi koʻprikni yopilganini sezdim. Biroz yoʻl hodisasi sodir boʻlgandir, deb qarasam: koʻprikni yopib qanaqadir ishni boshlashibdi shovvozlar. Dushanba kuni ertalab.

Koʻprikka chiqish

Mashinalar esa koʻprik yonidan yurib Labzak koʻchasidan qaytib yana Qodiriy koʻchasiga tushib ketyapti:

Koʻprikning ustida panjara va betonlarini olishyapti. Nega olishyapti — bu menga qorongʻu. Umid qilaman, koʻprikni kengaytirish haqida oʻylashmayapti. Yana umid qilaman, 40 yillik daraxtlar kesilib qurilgan bu koʻprik qachondir buziladi va oʻrni odamlarga qaytarib beriladi.

Koʻprik City

Xullas, hurmatli Toshkent shahar hokimiyati yoki Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi! Iltimos, yoʻllarni tuzatish va qurishni boshlashdan ancha avval sanasi va vaqtini yaxshilab rejalashtirishni oʻrgansangiz. Qilayotgan ishingiz ijobiy boʻlishi mumkin, lekin oldindan ogohlantirmasdan shart yoʻlni toʻsib olish qanaqadir hurmatsizlik, va sizlarning shundoq ham juda yaxshi boʻlmagan imidjingizga salbiy taʼsir qiladi.

Telegram