O‘zbektelekom shtat rejimida ishlamoqda

Yaqinda, O‘zbekiston hududida Facebook ijtimoiy tarmog‘i bilan muammolar kuzatildi. Ko‘p holatda ijtimoiy tarmoq ochilmadi, ochilgandayam juda sekin ishladi va hokazo. Lekin, sal tajribali foydalanuvchilar shunaqa holatda VPN orqali ixtiyoriy saytdan bemalol foydalana oladi.

Tabiiy ravishda savol tug‘iladi: muammo kimda?

O‘zbektelecom yozyapti: “O’ZBEKTELEKOM” AK SHTAT REJIMIDA ISHLAMOQDA

Xabarda apostrof, qo‘shtirnoq, bir tirnoqlarning qanday ishlatilganiga e’tibor bermaymiz — O‘zbekistonda hamma lotin alifbosini noto‘g‘ri ishlatadi. Lekin O‘zbektelekom keltirayotgan rasmiy “bayonot”ga e’tibor bering:

Facebook vakili uzilishlar tabiati mahalliy emas, balki global ekanligi haqida rasmiy bayonot berdi: Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropadagi boshqa mamlakatlarda ham shunday muammolar kuzatilmoqda.

Savollar:

  • Qayerda bayonot berdi?
  • Unga havola qani?
  • Kim u “Facebook vakili”? Mark Sukerberg?
  • Nega sayt VPN orqali ochilyapti unda?
  • Nega aynan O‘zbekiston? Agar bizning regionga taalluqli muammo bo‘lsa, Qozog‘iston va qo‘shni davlatlar hududida ham muammolar kuzatilishi lozimmasmi?

Umuman olganda, bunaqa muammolar ko‘tarilganda Facebook matbuot xizmati zudlik bilan ma’lumot bergan va biz buni oldindan yoki biroz o‘tib bilgan bo‘lardik. Bundan tashqari, Facebook butun boshli davlat uchun muammo o‘ylab topmasa kerak. Ular uchun bu (katta bo‘lmasa ham) yo‘qotish.

VPN masalasida: agar vebsayt oddiy holatda ochilmasdan, VPN orqali ochilsa, muammo muallifi quyidagi tartibda aniqlanadi:

  • sizning internet provayderingiz (Uzonline, Sarkor, Turon va boshqalar);
  • O‘zbektelekom;
  • O‘zbektelekomdan yuqorida turuvchi provayderlar yoki internet kanaliga fizik ziyon yetgan (kam uchraydigan holat).

Birinchi holatda muammo butun O‘zbekistondamas, faqat bitta internet provayderida uchraydi va muammo haqida xabar berish yoki provayderni almashtirish bilan hal bo‘ladi.

Agar O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilayotgan bo‘lsa, O‘zbektelekom shtat rejimida ishlamoqda: davlatning ichida internet tezligini oshirish va uning stabil ishlashini ta’minlash o‘rniga qanaqadir shubhali ishlar bilan shug‘ullanyapti. Afsuski, bu holatda uni almashtirish imkoniyati yo‘q bizda.

Facebook (va boshqa resurslar) O‘zbekistonda ishlamayotgan holatda telekom kompaniyasi aniq sabablarini texnik detallar bilan batafsilroq keltirgani ma’qul. Dalillarsiz “bizda ayb yo‘q, Facebook aybdor” kabi sabablar hozirgi zamonda teskarisiga ishlaydi: O‘zbektelekomga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi xolos.

P.S.: O‘zbektelekom bajarayotgan ishning effektivligini hisoblash uchun aniq ko‘rsatkichlar mavjud:

  1. internet tezligi bo‘yicha O‘zbekistonni 116-o‘rindan yuqoriroqqa olib chiqish;
  2. odamlarda normal tezlikda (> 10 Mb/s), normal narxda (< 100 $) va limitsiz tariflar bo‘lishini ta’minlash;
  3. odamlar o‘zlarining ishi bilan shug‘ullanishiga xalaqit bermaslik.

P.P.S.: savol: nega bu tashkilot o‘zini ba’zida “O‘zbektelekom”, ba’zida “Uztelecom” deb atayapti? Uztelecom vs O‘zbektelekom

Telegram
Odnoklassniki