Yarim yilda 642 ta oʻlim

Gazeta.uz Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) xabariga asoslanib aytishicha, bu yilning olti oyida Oʻzbekiston hududidagi yoʻl-transport hodisalari tufayli 642 ta odam halok boʻlgan.

Birinchidan, YHXBB, umuman, Ichki ishlar vazirligi tobora ochiqlashib borayotgani va shunaqa statistikalarni bemalol berayotganidan juda xursandman. Har qanday maʼlumotni boricha odamlar bilan boʻlishib, ularning ham fikrini eshitib va haydovchi va piyodalarni ehtiyot boʻlishga chaqirish juda muhim.

Statistikaning oʻziga qaytsak:

Men YHXBBga beradigan birinchi maslahatim shu hodisalarning barchasini GPS-koordinalarini yigʻishni boshlash. Agar bu ish hozir qilinmayotgan boʻlsa, uni zudlik bilan yoʻlga qoʻyish lozim. GPS-koordinalari orqali xaritada hodisalarni katta aniqlik bilan koʻrib chiqsa boʻladi va hodisalar koʻp roʻy beradigan yoʻl qismlariga juda tez oʻzgartirish kiritsa boʻladi. Agar bu maʼlumot ochiq ravishda berilsa, fuqarolar ham yoʻllarni xavfsizlantirishda ishtirok etishi mumkin.

Mening eʼtiborimni tortgan narsa hodisalarning 40,5 foizi (deyarli yarmi) piyodani urib yuborish bilan bogʻliq. Shu oʻrinda toʻgʻridan-toʻgʻri piyodalarga aybni qoʻyish mumkin, lekin masalaga sal boshqacharoq yondashish lozim: hech qaysi piyoda uni mashina urib ketishini maqsad qilib yoʻlni kesib oʻtmaydi yoki toʻsatdan yoʻlga chiqmaydi. Bundan tashqari, piyodaga sekinroq kelayotgan mashina ham yaxshigina zarar yetkazishi mumkin — kuchlar teng emas.

Bu — yoʻllarni qurish (dizayni) va odamlarning xavfsizligini taʼminlashga yetarlicha eʼtibor berilmasligi oqibati. Eʼtibor berilsa, 48,6% hodisalar viloyatlararo yoʻllarda sodir boʻlgan. Katta ehtimol bilan, bu yoʻllar keng, haydovchilar ancha tez yuradigan va aholi punktlarini kesib oʻtadigan yoʻllar, yana piyodalar yoʻlni kesib oʻtishi noqulay. Ularning koʻpida shunchaki piyodalar oʻtish yoʻlakchasi qoʻyilgan xolos. Aslida, bunaqa kengroq yoʻllarda albatta boshqariluvchi svetoforlar qoʻyish lozim.

Ideal holatda qatnovi koʻproq yoʻllar iloji boricha aholi punktlarini chetlab oʻtishi lozim. Lekin mavjud yoʻllarda ham tezlikni kamaytirib oʻlimlarni kamaytirish choralari bor: yoʻllarni qisqartirish (piyodalar ham oson oʻtadi), tezlikni 50 km/soat bilan chegaralash, tezlikni pasaytiruvchi sunʼiy notekisliklar hosil qilish (yoʻldagi yamalar hisobmas) va hokazo.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yoʻllardagi tezlikni boshqarish boʻyicha yaxshi qoʻllanma tayyorlagan ekan: What are the tools for managing speed? 2000-yildayoq Norvegiyada qilingan tadqiqotlar natijasida aholi punktlarida tezlik 50 km/s, shahar markazi va yordamchi yoʻllarda esa 30 km/s cheklovni taklif qilishgan:

Yana bir qiziq qoʻllanmani esa AQSh transport vazirligining Avtomobil yoʻllari federav boshqarmasi (xuddi bizning YHXBB kabi) tayyorlagan: Methods and Practices for Setting Speed Limits: An Informational Report. Eng qizigʻi ular hatto bir qancha faktorlarni hisobga olib, oʻlimlar va jarohatlar ehtimolligini aniqlaydigan formula ham qilishgan:

Menimcha, YHXBB shunaqa qoʻllanmalarni tarjima qilib, har bir kelgan xodim oʻqib chiqishini va shular asosida ish koʻrishda yordamlashishini talab qilish lozim. Va bu tashkilotda yoʻl-transport hodisalarni kamaytirish boʻyicha aniq reja boʻlgani maʼqul. Tushunaman, hali bizda mashina haydash madaniyati ham yaxshi rivojlanmagan. Lekin odam hayoti har narsadan muhim. Odamlarning hayotini saqlaydigan yechimlar qancha tez amalga oshirilsa shuncha yaxshi.

Telegram