Yetar endi, a?

Bolaligimda qishlogʻimiz atrofida qumlar boʻlardi. Bular, asosan, oʻzlashtirishga qiyinroq boʻlgan qumli tepaliklar, toʻrangʻil, yingʻil kabi daraxtlar oʻsadigan yerlar edi. Odamlar bu joylarni oxirgi 20-30 yil ichida oʻzlashtirib tugatishdi. Hozir men tugʻilib-oʻsgan qishloq atrofida shunchaki yotgan yerni topish amri-mahol. Hatto kam ishlatiladigan dala yoʻllari ham ekin ekiladigan maydonga aylantirilgan.

Dadamning eslashicha, uning yoshligida odamlar borishga qoʻrqadigan toʻqaylar boʻlgan. Ularda hatto tulki, boʻri, toʻngʻiz kabi yovvoyi hayvonlar yashagan. XX-asr davomida bularning bari oʻzlashtirilib ekin maydoniga aylantirilgan.

Bunda 5-10-20 yil ichidagi foydaga qaralsa, bu — yaxshidek: yer shunchaki “boʻsh yotmayapti”, unga kimdir nimadir ekib daromad qilyapti yoki oilasini boqyapti. Lekin kattaroq masshtabda qaralsa va uzunroq muddatni hisobga olsa, bu ekologiyamizga juda va juda salbiy koʻrsatadigan (va koʻrsatgan) harakat. Hatto bitta hududni dengizidan ayiradigan.

Qisqa muddatdagi foydani oʻylab tabiat resurslaridan koʻr-koʻrona foydalanish, ochkoʻzlik va kalta oʻylashning oqibati. Va biz uchun bu, bir tomondan, juda yaxshi saboq boʻlishi kerak. Lekin bu falokat xalqimizning juda kamchiligini qaygʻuga soladigan, hokimlar va boshqa amaldorlar shunchaki tupurgan muammo xolos.

Orol dengizi bilan boʻlgan fojea, albatta, mustabid Sovet tuzumida boʻlgan. Lekin hozirgi amaldorlar va davlat xodimlarining qadriyatlari oʻxshash: nima qilib boʻlsa ham “yuqoriga” yoqish, “paxta qoʻyish” va “yuqori” nima buyruq bersa qullarcha bajarish, foyda uchun xalq kelajagini pullash.

Toʻxtamasdan oʻzlashtirish, tabiatni yoʻqotish oqibatida hozirgi Oʻzbekistonda aholi yashaydigan punkt yoki shahardan tashqariga chiqqanda koʻrish mumkin boʻlgan yagona peyzaj — dalalar. Yovvoyi tabiat faqat ekin ekib boʻlmaydigan, hali amaldorlarimizning qoʻli yetmagan va shu mustabid davrda qoʻriqxonaga aylantirilgan joylarda qolgan xolos.

Orol dengizining qurib borishi

Afsuski, haligacha bor narsani boricha, borligida qadrlamaymiz.

Bu fikrlarni yozishga soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda va yangiliklarda chiqqan salbiy xabarlar undadi:

  • Yozyovon barxanlaridan qum talon-taroj qilinayotgani;
  • Toshkent shahri va boshqa hududlarda tinmasdan daraxtlar kesilishi;
  • shaharlardagi parklar turli bizneslarga shunchaki sovgʻa qilinishi;
  • Chirchiq daryosini qisqartirib (yaʼni, yovvoyiroq tabiatdan yana bir joyni olib), sunʼiy hosil qilingan joyda yana bir “siti” qurilishi;
  • zaruriyati va ekologik oqibatlarini yaxshilab oʻylab chiqmasdan atom elektrostansiyasi qurilishi;
  • madaniy merosni asrab qolish bilan boʻlayotgan muammolar.

Achinarlisi, shu muammolar keltirib chiqadigan fojealarni katta ehtimol bilan yangi avlod koʻradi. Xuddi Orol dengizining muammosi kabi. Hozirgi avlodning Orol falokatiga hech qanaqa aloqasi yoʻq, lekin shuning natijasini meros qilib olgan. Keyingi avlod ham daraxtsiz, tabiatsiz, faqat “siti”lardan va changdan iborat, hamma joyni didsiz qurilgan binolar bosib ketgan Oʻzbekistonda yashashga majbur boʻladi. Va bu ularga bizdan qolgan juda zararli merosga aylanadi.

Shuning uchun, oʻrtoqlar, yetar endi, a? Kengroq fikrlashimiz, komfort zonasini kattaroq qilishimiz, yashayotgan joyimiz haqida qaygʻurishimiz va hech boʻlmasa hozirgi bor narsalarni saqlab qolishimiz kerakdir?

Afsuski, oddiy fuqaro sifatida biz juda kam ish qila olamiz hozircha:

  1. Tabiatga zarar yetkazilayotganda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining ishonch raqamlariga telefon qilinadi: ishonch telefonlari. Nikita Makarenko 102 raqamiga ham telefon qilishni tavsiya qilyapti (IIV).
  2. regulation.gov.uz portalida chop qilinadigan shubhali yoki qonunga zid loyihalarga fikr bildirish. Masalan, Akfa Universitetiga Qibray tumanida 30 gektar yerni tortiq qilishga oʻxshaganlariga. Ozgina umid bor — hukumat fikrlarga quloq soladi.
  3. “Mening fikrim” portalida aktivroq qatnashish. Baʼzi takliflar rostdan ham foydali: hokimlarni saylash (hokimlar prezidentgamas, xalqqa xizmat qilsin), UzAuto Motors mashinalarini chet eldan olib kirishdagi boj toʻlovini bekor qilish, keng yoʻllarga boshqariluvchi svetofor qoʻyish (oʻlimni kamaytiradi), “mobil qullikni” bekor qilish (telefon raqamini boshqa operatorga oʻtganda saqlab qolish) kabi.

Davlat xizmatidagi odamlarga esa qilinayotgan ishlar nega qilinayotganini yaxshiroq tahlil qilishni taklif qilaman. Shubhali, birovning choʻntagini oʻylab qilinadigan, odamlarga katta ziyon yetkazadigan yoʻnalishlarni toʻxtatish uchun zarur tashkilotlarga chiqish, ochiqchasiga norozilik bildirish kabilarni tavsiya qilardim. Xalqnimas, faqat oʻzining va qarindosh-urugʻi, tanishlarining choʻntagini oʻylaydigan amaldor bilan ishlash ham, aslida, jinoyat.

Telegram