August 29, 2021

Elektron pochta ✉️

Yozma muloqot yaxshi. U ogʻzaki muloqotdan farqli ravishda saqlanib qoladi, unga yillar davomida qaytish mumkin. U fikrni yaxshiroq yetkazib berishga oʻrgatadi: ogʻzaki muloqotda odam oʻzini qanaqa tutishi, mimikasi, nafas olishi va hokazolar suhbatga taʼsir qilishi mumkin, lekin yozma muloqotda juda aniqlik bilan toza fikrlash lozim. Stiven Sinofski yozganidek:

Yozish bu — fikrlash.

Hozirda asosiy muloqot messengerlar orqali boʻlayotganda biror narsani yaxshiroq oʻylab javob berish, biror narsaga chuqurroq fokus qilish imkoniyati kamayadi, albatta. Shuning uchun ham elektron pochtani Telegram yoki boshqa messenjerdan afzal koʻraman. Biz (Super Dispatch) ish uchun Slack ishlatamiz, Telegram — shaxsiy muloqot uchun.

Elektron pochtaning bir qancha afzalliklari bor:

  • uzun formatdagi muloqotlar uchun qulay: bemalol 20-25 minut oʻtirib, formatlab yaxshi xat yozsa boʻladi;
  • biroz xatolarga yoʻl qoʻygandan soʻng, odam fikrini yaxshi yetkazib berish uchun harakat qilishni boshlaydi;
  • elektron pochta — ish etikasining bir qismi — axborot texnologiyalariga bogʻliq boʻlgan har qanday mutaxassis bilishi lozim;
  • elektron pochta protokoli ochiq: siz ixtiyoriy pochta servisida roʻyxatdan oʻtib, ixtiyoriy kliyentni (email client) ishlatishingiz mumkin;
  • suhbatdoshdan zudlik bilan javob olish kutilmaydi: elektron xatni yuborgandan keyin bemalol boshqa ishlarni davom ettirish mumkin; Telegram kabi messenjerlarda esa yuborilgan xabarga darhol javob olish tabiiy ravishda kutiladi (instant messenger);
  • xatni xuddi maqoladek normal formatlash mumkin; ichiga rasmlar, havolalar, GIF va hokazo qoʻyib.

Ingliz tilida “email” har xil kontekstda ishlatiladi: elektron pochta (Gmail is a free email service developed by Google), elektron pochta manzili (what’s your email? [address]), elektron xat (I’ll send you an email). Quyida email sifatida elektron pochta nazarda tutiladi.

Email manzili (qutisi) va servislari

Elektron pochtadan foylana olish uchun pochta manzili boʻlishi lozim: mail@example.com kabi. Juda koʻp tekin servislarda hisob ochib email manziliga ega boʻlish mumkin. Hozirgi paytda eng yaqqol variant: Gmail. Undan keyin Outlook, Yahoo!, Yandex kabilar. Mail.ru, Rambler kabilarni umuman maslahat bermayman: sizni qarilingizni darhol tasdiqlaydi.

Gmail – zoʻr: spamʼni juda yaxshi ajratadi (anavi Afrikadagi boy qarindoshingiz oʻlgandan keyin sizga 10 million dollar meros qolgani haqida xatlar — spam), tez, veb-versiyasi va kliyentlari qulay, Googleʼning boshqa servislari bilan yaxshi ishlaydi. Bu koʻrinishdagi manzil beradi: falonchi@gmail.com

Email manziliga ism yoki nomni qoʻshib ketish imkoniyati ham bor. Bu xatni qabul qilayotgan odam muhokama ishtirokchilarini tanimaganda rosa asqotadi. Buning uchun xat yuborayotganda email manzillarini quyidagicha yozish yetarli: Falonchi Falonchiyev <falonchi@gmail.com>

Email kliyentlari

Hamma email servislarning vebda (brauzerda) ishlaydigan interfeysi bor. Lekin telefonda yoki kompyuterning oʻzida ishlaydigan kliyentlarda foydalanish koʻpincha qulay. Deyarli hamma operatsion tizimlarda email kliyentlar mavjud. macOS va iOS tizimlarida Mail.app, agar Google hisob aktivlashtirilsa Android uchun Gmail, Windowsʼda Windows Mail yoki Outlook va h.k. Bular — tizimga yaxshigina integratsiya qilinganlari.

Lekin alohida odamlar va kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan mustaqil kliyentlar ham koʻp. Baʼzilari: Spark, Newton, Thunderbird, The Bat! kabilar. Hatto oyiga 30 dollar oladigan Superhuman degani bor.

Avvallari men Mail.app ishlatardim. Lekin u juda oddiy (ijobiy tomoniyam, salbiy tomoniyam shu). Menga xatlarni keyinroq oʻqish, eslatish, yaxshiroq qidiruv, klaviatura qisqartmalari (short keys) kerak boʻlgani uchun Spark kliyentini ishlatishni boshladim. Hozir shundaman. Lekin soʻnggi paytlarda u meni qanoatlantirmayapti: pochtaga koʻproq vaqt sarflashimga toʻgʻri keladi, qidiruvi idealmas, interfeysidagi shubhali qismlariga koʻnishga majbur boʻlyapman.

Email kliyentlari bir nechta email manzillarini birdaniga boshqarish imkoniyatini beradi. Eng katta qulayligi shunda. Mobil tizimlarda esa veb interfeysdan foydalanish juda noqulay.

Elektron xat

Har qanday elektron xatda quyidagi maʼlumotlar boʻladi (bular keyinroq kerak boʻladi bizga):

  • kimga xat yuborilyapti (to);
  • nusxasi kimlarga (CC — carbon copy);
  • maxfiy nusxasi kimlarga (BCC — blind carbon copy);
  • javob kimga kelishi kerak (Reply-to);
  • sarlavha (subject);
  • xat tanasi (body).

Har qanday elektron xatni (xuddi fizik xatdagidek) kimdir kimgadir yuboradi. Bu holatda sizning elektron manzilingizdan kimgadir (to) ketadi.

CC, BCC

CC ichiga shu xatning nusxasi ketishi lozim boʻlgan odamlar qoʻshiladi. Xatni qabul qilgan odam CC ichiga qoʻshilgan odamlarni koʻradi. Masalan, jamoada 5 ta odam bor: kamina, Husan, Ulfat, Arslon va Usmon. Men Husandan savol soʻrayapman va Ulfat bilan Arslon ham bundan xabardor boʻlishini xohlayapman. Bunda Husanga (to) xat yozayotganimda Ulfat va Arslonni CCʼga qoʻshaman. Eʼtibor bering, Husan shu xatga javob berishga masʼul chunki xat unga toʻgʻridan-toʻgʻri yuborilyapti. Ulfat va Arslon esa muhokamaga qoʻshilishi mumkin.

Shunaqa vaziyat boʻldiki, men yuqoridagi xatni Usmonga ham yuborishni xohladim, lekin qolganlar bu odam muhokamada borligini bildirmoqchimasman. Bunda Usmon BCC sifatida qoʻshiladi:

BCCʼga qoʻshilgan odam birinchi yuborilgan xatnigina oladi: javoblarni koʻrmaydi. Email etikasi boʻyicha bu usuldan qanaqadir maxfiy maqsadlarda foydalanilmaydi.

BCC bilan bogʻliq eng keng tarqalgan tajriba bor: 3 kishi muhokamada qatnashyapti va endi bitta odamning ishtiroki shartmas. Bunda shu odam BCCʼga qoʻshiladi va xatning ichida shu odam BCCʼga oʻtkazilgani haqida aytiladi:

Thanks for the introduction, Husan (BCC). Hi Arslon, nice to meet you!

Javob berish (reply, reply all)

Bu yerda emaildan professional foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan ikkita narsani aytaman:

  1. Xat bir necha odamga yuborilganda har doim, taʼkidlayman, har doim hammaga javob beriladi, faqat bir kishigamas. Yaʼni: “Reply all” ishlatiladi, “Reply” emas.
  2. Agar muhokama koʻpchilik qatnashayotgan boʻlsa va xatni yuborgan odamgagina alohida savol boʻlganda shu odamning oʻziga savol bilan javob beriladi: “Reply”.

Men koʻp odamlarga kompaniyada ishlash boʻyicha taklif (job offer) yuboraman. Boshqalarni ham birdaniga ogohlantirish uchun ular CCʼga qoʻshiladi. Lekin juda koʻp nomzodlar faqat menga javob beradi (reply), aslida, ular boshqalarni ham javobga qoʻshishi lozim (bcc). Bizda pochtadan foydalanish tajribasi yaxshi rivojlanmagani uchun, koʻpchilik bundan bexabar.

Xat matni

Umumiy qoidalar

  • juda uzuuuuun xat yozganda qisqacha maʼnosini TL;DR sifatida keltiriladi;
  • ortiqcha “rahmat”, “ok” va hokazo bilan javob berish shartmas;
  • qoʻshimcha argumentlar yoki fikrlar postscriptum (PS.:) ichiga olinadi.

Tipografika

Xat matnida oddiy tipografika qoidalarini ishlatish xatni oʻqiydigan odamga qulaylik beradi. Bular:

  • xat murojaat bilan boshlanadi (quyida kengroq yoritilgan);
  • katta matn albatta maʼnosiga qarab paragraflarga boʻlinadi (yoki bir qator boʻsh qoldiriladi ikkita [Enter/Return] bilan);
  • FAQAT BOSH HARFLARDAN foydalanish odobsizlik (baqirish bilan teng);
  • matn shriftini boricha qoldirgan yaxshi, chunki, email kliyentlari va servislari kengroq tarqalgan shriftlarni ishlatadi va matn hamma ekranlarda normal koʻrinadi;
  • xatni rang-barang qilish notoʻgʻri;
  • agar matnning biror qismiga eʼtibor qaratish lozim boʻlsa, kursiv (italic) stil ishlatiladi, qalin (bold) emas;
  • qalin stil xatning ichida sarlavhalar sifatida ishlatilishi mumkin;
  • matnni majburan juda katta va juda kichik oʻlchamdagi shriftga almashtirmaslik lozim;
  • toʻgʻri belgilarni (tire, qoʻshtirnoqlar) ishlatish uchun tipografik klaviatura terilmasidan foydalanish mumkin;
  • sana xat yozilayotgan tildan kelib chiqqan holda toʻliq yoziladi: 01.05 oʻrniga 1-may, 04.03.12 oʻrniga 4-mart 2012-yil kabi;
  • telefon raqamlari defislar va probel bilan ajratiladi: 906643482 oʻrniga 90 664-34-82.

Murojaat

Bu sal nozikroq masala. Agar bizdagi koʻp zamonaviy yozuv qoidalari rus tili orqali kirib kelganini hisobga olsak, mustaqil murojaat alohida gap hisoblanadi va undov belgisi bilan tugaydi (). Keyinroq xat matni boshlanadi:

Salom, Husan!

Bizning biznesimiz soʻnggi oylarda amalga oshirayotgan savdolar natijasi haqida savollarim bor…

Hurmat bilan, Farhodjon

Yuqorida ismning oldidagi “Salom”ni tushirib qoldirish ham mumkin. Bu haqida Byuroning maxsus maslahatida oʻqish mumkin: https://bureau.ru/bb/soviet/20120114/

Lekin hozirgi davrda undov belgisi xuddi katta urgʻu berishi, dunyo lotinlashib, amerikalashib borayotganini hisobga olsak, xatni quyidagicha yumshoqroq boshlashimiz mumkin:

Husan,

Bizning biznesimiz soʻnggi oylarda amalga oshirayotgan savdolar natijasi haqida savollarim bor…

Hurmat bilan, Farhodjon

Men ikkinchi variantni maʼqullayman. Agar oʻzbek tili qoidalari boʻyicha biror aniq argument boʻlsa — yozing. Xatni qanday yakunlash yuqoridagi misoldan maʼlum.

Fayllar

  • agar rezyume yoki kelishilmagan formatda hujjat yuborilayotganda har doim PDF formatida yuborish lozim: PDF deyarli hamma operatsion tizimlarda ochiladi; docx, doc, xls va hokazolar qoʻshimcha dastur/ilova talab qiladi;
  • arxiv yuborishdagi format — ZIP; oʻrtoqlar, RAR — eskirgan allaqachon;
  • katta fayllar Google Drive, Dropbox, Yandex.Disk kabi servislarga yuklanib, faqat havola xatga qoʻyilishi lozim;
  • agar fotosuratlar matnning ichida turishi lozim boʻlsa, ular nisbatan kichikroq hajmda, alohida satrlar bilan ajratilib qoʻyiladi;
  • katta hajmdagi fotosuratlar xatga fayl sifatida biriktiriladi (attachments).

Va tayyor xatimiz:

Emaildan effektiv foydalanish boʻyicha Boʻsh inboks prinsipi haqida ham yozdim.

13-iyul 2019