Arzon aviachiptalar topish va parvozlarni boshqarish
Turli aviakompaniyalar Oʻzbekistonga uchishni boshlagan vaqtda, oʻz-oʻzidan, bu kompaniyalar orasida raqobat boshlanadi. Nisbatan rivojlangan, havo yoʻllari davlat tomonidan boshqarilmaydigan va biznes uchun ochiq davlatlarda bunaqa raqobat avvaldan mavjud. Albatta, taklif koʻp boʻlgan holatda tanlov ham qiyinlashadi (yagona monopol kompaniya narx qoʻyganda odamlar shu narxda sotib olishga majbur).
Arzon aviachiptalar topish
Aviachiptalarning narxiga turli faktorlar taʼsir qiladi: xizmat (ekonom, biznes), reysning ommabopligi, fasl, yoʻnalishda uchadigan kompaniyalar soni, parvoz vaqti va hokazo. Masalan, odamlar sohilda dam oladigan faslda shu yoʻnalishdagi narxlar qimmatroq boʻlishi mumkin. Yoki erta tongda yoki tunda uchiladigan reyslar arzonroq.
Men aviachiptalarni sotib olish yoki narxlarini oʻrganish uchun ikkita servis ishlataman: kayak.com va aviasales.ru. Ikkala servis ham metaqidiruv: ular deyarli barcha aviakompaniyalar va chipta sotadigan servislardan hamma reyslarni yigʻib yagona interfeysda taqdim qiladi. Shuning uchun, menda narxlarni solishtirish, arzon va qulay chiptani sotib olish imkoniyati paydo boʻladi.
Bu servislarni ishlatishda eʼtibor berish lozim boʻlgan narsalar:
- Kayak koʻproq AQSh, Yevropa va butun dunyo, Aviasales Rossiya, sobiq sovet davlatlari uchun qulay.
- Kayak narxni bir kishi uchun koʻrsatadi.
- Aviasales qidiruvda nechta odam koʻrsatilganiga qarab umumiy narxni koʻrsatadi.
- Parvoz detallari aniq boʻlgandan keyin ikkala servisdan ham foydalanib, narxlarni solishtirish foydali. Koʻp holatlarda ikkalasida narxlar har xil boʻladi.
- Ikkala servis ham baʼzida chiptani oʻzlari bron qilish imkoniyatini beradi, shuning uchun, ularga kerakli shaxsiy maʼlumotlarni (passport) kiritib qoʻyish qulay.
- Parvoz sanasini tanlayotganda kalendariga eʼtibor bering: 1-2 kun erta yoki kech uchib ancha pul tejasa boʻladi. Umuman olganda, qancha erta chipta sotib olinsa shuncha yaxshi.
- Agar narxlar siz kutganingizdan qimmatroq boʻlsa, shu yoʻnalishdagi narxlar oʻzgarishiga obuna boʻlish mumkin: bunda narxlar pasayganda servis sizga email yuboradi.
- Murakkab yoʻnalish qurish (masalan, Toshkent → Moskva → Berlin) koʻp holatlarda foydasiz. Yoʻnalishlarga biletlarni alohida arzonroq xarid qilish mumkin. Lekin bunda samolyot qoʻnadigan va uchadigan aeroportlarga va vaqtiga eʼtibor bering. Moskvada yoki Nyu-Yorkka oʻxshagan shaharlarda aeroportlarni almashtirishga 2-3 soat vaqt ketishi mumkin.
- Albatta, taklif qilinayotgan narxlarni aviakompaniya saytida ham tekshirib koʻring.
Xuddi shu vazifani bajaradigan, lekin men kam foydalanadigan boshqa servislar: CheapOair, Expedia, Яндекс Авиабилеты.
Yana bitta eng katta layfxak: Toshkentdanmas, Chimkentdan uchish ham yaxshigina pul tejaydi. Chimkentga taxminan 2 soatda va normal pulga yetvolinadi. Agar chipta narxi 100-150 dollarga arzon va vaqt bemalol boʻlganda shu usulni tanlash foydali. Chegaradan oʻtish uchun Kelesdagi punkt yaxshi variantmas — bozorchilarning ichida navbat va tiqilinchda qolib ketish mumkin.
P.S.: Aviasales Oʻzbekistonda ham ishga tushibdi.
Parvozlarni boshqarish
Chiptani xarid qilgandan soʻng parvoz haqida oʻzgarishlarni kuzatib borish lozim. Masalan, samolyot kech kelishi yoki parvoz bekor qilinishi mumkin. Gmail, masalan, pochtaga tushgan parvozlarning vaqtlarini avtomatik ravishda kalendarga qoʻshib qoʻyadi, lekin yangilamaydi.
Men parvozlar uchun App in the Air ishlataman. Parvoz raqami (aviakompaniya kodi va parvoz raqami: HY 102, WN 3086, TK 2941 kabi) va sanasini kiritgandan soʻng, ilova quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Hamma parvozlarni bir joyda koʻrish, hatto tugaganlarini ham.
- Parvozga roʻyxat ochilgani, kech qolishi, bekor qilinishi, samolyotga qaysi eshikdan chiqish kabi muhim maʼlumotlar oʻzgarganda ogohlantiradi. Agar pul toʻlansa SMS sifatida ham yuboradi.
- Parvozning joriy holati va vaqtlarini koʻrsatadi: roʻyxatdan oʻtish uchun qancha vaqt qoldi, samolyotga chiqish, uchish, qoʻnishigacha.
- Agar parvoz tranzit (toʻgʻri parvozmas, orada boshqa aeroport orqali) boʻlsa, ikkala parvozni birlashtirib koʻrsatadi.
- Aeroport, aviakompaniya, yoʻnalish haqidagi maʻlumotlarni va boshqa odamlarning fikrlarini koʻrsatadi. Ixtiyoriy odam baho berib izoh qoldirishi mumkin.
- Statistika beradi: necha mil/kilometr uchilgani, aviakompaniya, aeroport, parvoz, davlatlar soni.
- Turli belgilar beradi: shaharga tashrif uchun, tunda yoki tongda uchganda, Yerni aylanib chiqqanda va h.k.
- Yuqoridagi servislar kabi aviachipta bron qilish (yangi imkoniyat).
- Premium versiyasi avtomatik roʻyxatdan oʻtish imkoniyatini beradi: belgilab qoʻyilgan kriteriyalar asosida avtomatik ravishda samolyotdan joy tanlab (oynaning yoni yoki chiqish oldida), jarayonni yakunlab qoʻyadi.
- UzAirPlus, Aeroflot Bonus kabi turli dasturlarni kuzatib borishi mumkin.
Skrinshotlar quyida:
10-aprel 2019