August 29, 2021

Qanday kitob oʻqiyman?

Yoshligimda koʻp badiiy kitob oʻqirdim. Afsuski, hech boʻlmasa rus tilini bilmaslik va maktab kutubxonasidagi kitoblar soni kamroq boʻlgani uchun oʻzim xohlagancha kitob oʻqishga imkoniyat boʻlmagan. Lekin oddiy qishloq bolasi uchun oʻzi hayoti davomida ololmaydigan taassurotni kitoblar bera olgan.

Ushbu maqolaning asosiy maqsadi mening tajribamga asoslanganiga qaramay, biroz kitoblarning foydasi haqida ham toʻxtalsam. Hozir internet asrida xuddi kitoblarning ahamiyati biroz pasaygandek, chunki, ixtiyoriy maʼlumotni Google orqali topish muammo emas. Lekin biror mavzudagi chuqur bilimni kitoblargina bera oladi. Odatda, kitobning muallifi yoritilayotgan mavzuga oylar yoki yillar sarflaydi, turli tajribalar oʻtkazadi, boshqa olimlar yoki soha mutaxassislari bilan ish olib boradi. Yoki bu badiiy asar boʻlsa, kitobdagi turli qahramonlar, ularning oʻzaro munosabatlari va hokazolarni ishlab chiqib, oʻquvchiga chindan qiziq boʻladigan voqealarni bera olish ham oson ishmas.

Kitob oʻqish odamni yaxshiroq mutaxassisga, yaxshiroq otaga yoki onaga, yaxshiroq bolaga, yaxshiroq turmush oʻrtogʻiga, yaxshiroq hikoyachi yoki suhbatdoshga va umuman, yaxshiroq odamga aylantirib boradi.

Yangi kitoblarni topish (tanlash)

Odatda, men kitoblarni turli aqlli odamlarning tavsiyalari asosida topaman. Oʻzaro suhbat davomida kitob oʻqiydigan, bilimli odamlar birorta kitobni shunchaki tavsiya qilishlari mumkin. Proaktivroq usuli: tajribali, muvaffaqiyatliroq odamlardan toʻgʻridan-toʻgʻri qanaqa kitoblarni tavsiya qilishini soʻrash. Masalan, endi sohani oʻrganayotgan odam shu sohadagi tajribali odamdan qanaqa kitoblar foydali boʻlishini soʻrashi mumkin.

Oʻrganilayotgan soha boʻyicha turli maqolalarni oʻqiyotganda ham kitoblarga koʻpgina havolalar boʻladi. Yana osonroq usuli shunchaki “best ‘soha’ books” deb Google orqali qidirish eng asosiy kitoblarni beradi. Masalan: best programming books, best psychology books, best personal finance books, best personal growth books va hokazo. Sohadagi mashhur, tajribali odamlarning bloglari ham yaxshi manba. Masalan, Bill Geyts toʻxtovsiz kitob oʻqiydi va oʻqigan kitoblari boʻyicha fikrlarini boʻlishadi: https://www.gatesnotes.com/Books

Kitob oʻqishni ijtimoiylashtiradigan servis ham mavjud: Goodreads. U yerda turli odamlar bilan doʻstlashib, ular oʻqiyotgan, oʻqimoqchi boʻlgan kitoblarini va oqʻigan kitoblari haqidagi fikrlarni kuzatib borish mumkin. Bundan tashqari, Goodreads oʻqimoqchi boʻlgan kitoblar roʻyxatini olib borish, kitob oʻqish jarayonini yangilab borish, bir yilda nechta kitob oʻqish boʻyicha maqsad qoʻyish, kitoblarni baholash imkoniyatlarini ham beradi. Bill Geyts ham Goodreads ishlatadi.

Kaminaning profili: goodreads.com/farhodjon

Goodreadsʼning kitoblarni baholash imkoniyati kitoblarning sifatlilarini ajratib olishda menga juda asqotadi. Hamma tavsiya qilingan va xohlangan kitoblarni oʻqib chiqishga umr yetmaydi. Shuning uchun, ularni a) menga b) hozir foydalilarini ajratib olishim lozim. Kitobning Goodreadsʼdagi reytingini va boshqalar qoldirgan izohlarni oʻqish yordam beradi. Yaqinda oʻzimda mavjud hamma kitoblarni qaysi tartibda oʻqishim bilan bogʻliq savol tugʻildi. Buni yechish uchun Goodreadsʼda “owned“ nomli roʻyxatga hamma kitoblarimni qoʻshib chiqdim. Endi shu kitoblarni reytingi, chiqqan yili, qancha odam baho bergani va hokazo xususiyatlari boʻyicha tartiblashim mumkin.

Goodreads

Kitoblarni qayerdan olaman

Kitoblarni sotib olishda sharoitga qarab turli internet-doʻkonlardan foydalanaman.

Qogʻoz kitoblar

Qogʻoz kitoblarni AQShga borganimda Amazonʼdan sotib olaman: Prime orqali koʻp narsalar 1-2 kunda yetkaziladi. Shaharda qisqa vaqt qolganda ham kitoblar olvolishga ulguraman. Koʻp kitoblarning yangisi va ishlatilgani (used books) narxlarida yaxshigina farq boʻladi. Masalan, The One Minute Manager kitobining yangisi 19,15 dollar turadi; sal foydalanilganini esa 4,98 dollarga sotib olish mumkin. Bu, hatto hozirgi (21-avgust, 2019) kurs bilan 46 000 soʻm: ikki marta tushlik qilish bilan teng.

Qogʻoz kitob sotib oladigan qoʻshimcha joylarim:

Shu maqolani yozish jarayonida ikkita Telegram kanalni topdim: KnigaSale va Brainbook – книги для всей семьи. Ikkala kanalda ham kitoblar narxlari bilan qoʻyilib boradi. Yana КнигоМания internet-doʻkoni ham bor.

UPD 1: asaxiy.uz saytida ham kitoblar sotilishini aytishdi. UPD 2: Yana bitta Telegramʼdagi kanal: Book in 🏠. Aytishlaricha, Rossiyadan kitob yetkazib berisharkan.

Elektron kitoblar

Asosan, elektron kitoblarni (ham audio, ham matn) Litres internet doʻkonidan sotib olaman. Baʼzi badiiy kitoblarning inglizcha audiosini eshitish yaxshigina qiyin boʻlganda ruschasini shu yerdan sotib olaman. Narxlari ham qimmat emas. Yuval Noy Hararining 21-asr uchun 21 ta dars kitobining narxi: audio — $5,69, matnli — $4,49. Aytgandek, Litresʼning ilovasidagi narxi ikki barobar qimmat, saytidan sotib olgan maʼqul.

Mann, Ivanov, Ferber nashriyotining ham internet-doʻkoni mavjud. Ular koʻp kitoblarni oʻzlari tarjima qilishadi va sotishadi. Narxlari nisbatan arzon, turli chegirmalari kitoblarni yanada arzonroq sotib olish imkoniyatini beradi.

2018-yilda menga Audible obunasini sovgʻa qilishgandi. Bu har oyda bitta kitobni tekinga yuklab olish imkoniyatini beradi. Audible narxlari Litresʼnikidan ancha baland: audiokitob $25-30 bahoda sotiladi. Lekin ingliz tilidagi, sifatli audiokitoblar uchun yagona variant, menimcha. Ular oʻzlari ham kitoblar chiqarishadi (Audible Origins).

Baʼzida kitoblarni Apple Books Store (iBooks Store) internet doʻkonidan ham olaman. Bu arzonroq kitoblarni shundoq iPhoneʼning oʻzidan sotvolishga qulay.

Qanday kitob oʻqiyman

Quyidagi prinsiplar menga doim kitob oʻqishga yordam beradi:

  1. Hamma joyda kitob oʻqiyman: navbatda turganda, uyda, koʻchada, transportda (poyezd va samolyot ideal) va hokazo.
  2. Boʻsh vaqt topilishi bilan kitob oʻqish. Koʻp holatlarda bizda boʻsh vaqt yoʻq, boʻlmaydi ham. Bu haqida avval yozganman. Lekin turli ijtimoiy tarmoqlarga, foydasiz yangiliklar yoki fikrlarga, videolarga sarflanadigan vaqtni kitob oʻqishga almashtirish mumkin.
  3. Piyoda sayr qilgani yolgʻiz chiqqanda audiokitoblarni eshitaman. Asosan, badiiy adabiyot. Chunki ularni qayta eshitish, turli qaydlar qilish, kitobdan kelib chiqib rejalar tuzish shartmas.
  4. Kitob oʻqish uchun alohida vaqt ajrataman. Baʼzi kitoblar hozir juda foydali va undagi maʼlumotni tezroq olishim kerak. Bunda har kun 1-2 soat ishdan keyin alohida vaqt ajrataman va bu vaqtni kalendarimda belgilayman.

Kitobni boshlaganimda Goodreadsʼda buni belgilab qoʻyaman. Baʼzida bu yodimdan chiqadi va kitobni tugatganimdan keyin belgilayman. Kitobni oʻqiganimni belgilash, shunchaki, Goodreadsʼdagi kitoblarim roʻyxatini yangilash va Reading Challenge (bir yilda faloncha kitob oʻqish maqsadi) uchun kerak. Lekin Nodir Xalilov kabi qancha sahifa oʻqiganimni belgilab bormayman. Menga bu jarayon ortiqcha.

Har qanday jarayonni optimallashtirish uchun tizim kerak. Kitob oʻqishni ham tizimga aylantirish eng effektiv usuli. Bundan 3-4 yil avval kitob oʻqishga “qaytayotgan” paytimda qiyinroq kitoblarni alohida vaqt ajratib maxsus joyda oʻqirdim: har kuni ertalab uydan 8:00-8:30 atrofida chiqib, biror daraxtlar koʻp, tinchroq oʻrindiqqa oʻtirib 30-40 minut kitob oʻqirdim. Bu uyda va ishda kitob oʻqishga imkon boʻlmaganda yoki oʻqish odatga aylanmaganda menga foydali boʻlgan. Hozir kitob oʻqish hayotimning bir qismi.

Yana bitta juda katta ilhom beradigan narsalardan biri — atrofingizdagi odamlar. Atrofingizda koʻp kitob oʻqiydigan odamlar koʻpayishi davomida turli muhokama va mulohazalar ularning atrofida boʻlishi boshlanadi. Ixtiyoriy mavzuda suhbat ketayotganda “bilasanmi, men falon kitobni oʻqiganimda shu haqida bundoq maslahat berilgan”, “doʻstim, men sizga manavi kitobni juda tavsiya qilaman”, “menimcha, har qanday dizayner bu kitobni oʻqishi lozim” kabi gaplar koʻpayib boradi. Shu kitob oʻqiydigan odamlardan har xil tavsiyalar ham soʻrash mumkin; ularda, albatta, eng sevimli, foydali deb hisoblaydigan kitoblar roʻyxati boʻlishi tabiiy. Aytgandek, Goodreads shuni onlaynga qilish imkoniyatini beradi.

Menga kitob oʻqish uchun juda muvaffaqiyatli joy — poyezd va samolyot. Mashinadan farqli ravishda, ikkalasi ham nisbatan tekis yuradi (uchadi). Ikkalasida ham safar uzoqroq davom etadi. Va (ayniqsa samolyotda) ularda har doim ham internet boʻlmaydi (chalgʻitmaydi). Oʻqishga eringan kitoblarimning koʻpini samolyot va poyezdda tugatvoraman. Shuning uchun, koʻproq sayohat qilib turish kerak ;~)

Ilovalar

Elektron kitoblarni oʻqish uchun eng asosiy ilova — iBooks (yoki Apple Books). Asosan Apple qurilmalaridan (iPhone, iPad, MacBook Pro) foydalanganim sababli, iBooks yaqqol tanlov. Menga iBooks beradigan ustunliklar:

  1. Ham smartfonda, ham kompyuterda oʻqiyman kitobni. Alohida qurilma (Kindle) shart emas.
  2. Kutubxonam qurilmalar orasida sinxronizatsiya boʻladi.
  3. Telefonda boshlagan kitobimni kompyuterda davom ettirib ketaman: kitobda qilingan jarayon ham qurilmalar orasida almashinadi.
  4. Kitobga qiladigan qaydlarim ham iCloudʼda saqlanadi. Yillar oʻtib ham kitobga qaytganimda qaydlarimni koʻra olaman.

iOS 12 tizimidan boshlab iBooks (endi Apple Books) redizayni yangi imkoniyatlar qoʻshdi: endi unda ham oʻqishni xohlaydigan kitoblarni belgilab qoʻyish mumkin va kutubxonani yaxshiroq boshqarsa boʻladi. iOS 13ʼdan boshlab esa ilova har kuni kitob oʻqish jarayonida taqdirlab boradi

Litresʼning kitob oʻqish uchun maxsus ilovasi boʻlishiga qaramasdan, u yerdan EPUB formatidagi kitobni olib iBooksʼga import qilib oʻqiyman.

Audiokitoblarni esa doʻkonlarning ilovalarida oʻqiyman: Audible va Litres Listen. Agar mabodo qoʻlimga fayl sifatida (MP3) audiokitob tushsa, uni iTunesʼda audiokitob sifatida belgilab telefonimga oʻtkazaman va iBooks orqali tinglayman.

Trello (eski usul)

Bir paytlar kitoblarning elektron javonini Trelloʼda yuritardim (buni Rahim Davletkaliyevdan oʻrgangandim). Har bir kitob uchun “mehr bilan” kartochkalar yaratish, mundarijani cheklist (checklist) sifatida qoʻshish, kitob oʻqish jarayonini ustunlar orqali boshqarish vaqt sayin koʻproq vaqt olishni boshladi. Vaqt bemalol boʻlganda juda qiziqarli ish: xuddi avvallari iTunes musiqa kutubxonasini boshqarishga oʻxshaydi. Jarayon rostdan ham qiziq; ayniqsa, kitob muqovasining rasmini Trello kartochkasiga qoʻyganda uning rangi oʻzgarishi va doska oʻziga xos tus olishi ajoyib. Keyinroq bu usul menga kitobning oʻzini oʻqishdan koʻproq shu Trello doskasiga vaqt sarflashni talab qilayotgandek tuyuldi. Shuning uchun, bu usuldan hozir foydalanmayman. Lekin kimgadir shaxsiy kutubxonalarini (narsalarni) boshqarish uchun asqotishi mumkin.

Kitoblarni o'qish rejasi va jarayoni uchun
Kitobni o'qish jarayoni: bo'limlar topshiriqqa aylantirilgan

Bookmate (eski usul)

bookmate.com

Juda yaxshi servis. Asosan rus tilida kitob oʻqiyotgan paytimda foydalanganman. Servis xuddi Spotify, Netflix kabi: men oyiga aniq miqdorda pul toʻlab boraman va ularning kutubxonasida ixtiyoriy kitobni xohlagan vaqtimda oʻqiyman. Bookmate kitob oʻqish jarayoniga ijtimoiy imkoniyatlar ham qoʻshgan: doʻstlashish, doʻstlarning qaydlari va iqtiboslarini koʻrish kabi. Shu servisning oʻzini toʻlaqonli kitob oʻqish jarayoniga ishlatish mumkin.


Aytgandek, baʼzida xatchoʻp (bookmark) sifatida pulni ishlataman. Bir paytlar Korzinka.uz magazinida yangi chiqqan 100 yoki 200 soʻmlik banknotlar berilardi. Shularni tekis saqlashning yoʻli bu. Xorijiy davlatning valyutalari ham kitoblarning ichiga ketadi 🙂

Foydali:

24-avgust 2019