Mustaqillik va erkinlik
Davlat mustaqil yoki qaram boʻlishi mumkin. Lekin shu davlatda yashaydigan xalqning erkinligi davlatning mustaqilligiga bogʻliq emas. Tushunishga osondek gap, lekin har qanday tuzumdagi propaganda mustaqillik va erkinlikni bir-biriga yaqinlashtirishga yoki birdek koʻrsatishga harakat qiladi.
Davlat mustaqil boʻlishi, birinchi oʻrinda, xalqqa erkinlik berishi kerak. Bu har doim ham amalga oshmasligi mumkin. Masalan, Shimoliy Koreya, Eron, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardagi xalqlarni erkin deyishga ikkilanaman. Mustaqil davlat sifatida ularning oʻzlarining gerbi, bayrogʻi, madhiyasi, goʻyasi, internetda domeni, BMTda oʻrni va hokazolari mavjud. Lekin odamlarning erkinligi turli asoslar bilan yaxshigina cheklangan.
Masalan, davlat mustaqil boʻlganidan soʻng mustabid tuzumda qoʻllanilgan, odamlarga va odamlarning erkinligiga qarshi foydalaniladigan har qanday tajriba yoʻqotilishi lozim. Aks holda, davlat mustaqilligining katta foydasi koʻrinmay qoladi. Hatto viloyat, shahar, tuman ham oʻzining gerbiga, bayrogʻiga ega boʻlishi mumkin…
Davlatning toʻlaqonli mustaqil boʻlishi esa xalq oʻzini qanaqa his qilishi bilan bogʻliq. Masalan, quyidagi tajribalar sobiq Sovet tuzumida boʻlgan (qisman):
- davlat tomonidan ishlab chiqarilgan bir qancha qonunlar xalqqa qarshi ishlatish uchun foydalaniladi;
- odamlarda bemalol harakatlanish, davlatdan chiqish-kirish huquqi boʻlmaydi;
- majburiy mehnat: hatto maktab oʻquvchilarini ishchi kuchi sifatida ishlatish;
- soʻz erkinligining cheklanishi;
- xalqda toʻlaqonli tanlov imkoniyati boʻlmasligi: prezident, parlament, hokimlar va hokazolarni ochiq tanlay olishi;
- turli maxsus xizmatlarga cheklanmagan huquq berilishi, ular ixtiyoriy odamni sudsiz hukm qilish;
- davlat tashqi dushman yasab olishi va shu asosida xalqqa qarshi choralar koʻrilishi;
- shaxsga sigʻinish: gʻoya mualliflari yoki davlat tepasida turadigan odamlarni deyarli hamma maqtashi (OAV, sanʼat arboblari, davlat xodimlari);
- maʼlumotlarni soxtalashtirish;
- davlatda yuqori pogʻonalarni egallaydigan shaxslar davlatni, joyini “oʻziniki” deb koʻrishi va qarindosh-urugʻlari bilan boshqarishi;
- va hokazo.
Va bu tajribalarning koʻpi Mustaqil Oʻzbekistonda ham davom etgan. Baʼzilari hozir ham.
Shuning uchun: Erkinlik > Mustaqillik!
P.S.: Aslida, Oʻzbekiston konstitutsiyasidagi juda koʻp moddalar toʻgʻri yozilgan. Bularga amal qilish qoldi xolos 🙂
29-iyun 2019