Amerikada tezlik cheklovlari
Amerikada avtomobil tezligi uchun cheklovlar shtat yoki hudud tomonidan qo'yiladi - butun mamlakat uchun yagona limit yo'q. Lekin nisbatan umumiy ishlatiladigan limitlarni payqash mumkin:
35 mil/soat (56 km/soat) - shahardagi "o'rtacha" ko'chalarning ko'pida shu cheklov qo'yilgan.
10-20-30 mil/soat (16-32-48 km/soat) - mahalla va maktab hududlari, piyodalar ko'p uchrashi bo'lgan maxsus hududlar.
40 mil/soat (64 km/soat) - nisbatan kengroq va avtomobil to'g'ri harakat qiladigan ko'chalar (bunaqa ko'chalar soni yuqoridagilardan kam).
40-70 mil/soat (64-112 km/soat) - piyodalar kutilmaydigan va tezlikka mo'ljallangan trassalar. Bu trassalarda svetofor ham kam uchraydi. Qo'shiladigan va chiqib ketadigan oqim alohida xavfsiz yo'ldan foydalanadi.
Lekin yo'llardagi xavfsizlikni oshirish faqat tezlikni boshqarish bilan cheklanmaydi: avtomobil oqimini tinchlantirish uchun turli usullar ham ishlatiladi. Masalan:
- yo'lning eni kichraytiriladi (toraytiriladi);
- yo'nalish egiladi (to'g'ri katta yo'lda odam tabiiy ravishda tezlikni oshiradi);
- piyodalar xavfsizligi uchun turli to'siqlar qo'yiladi;
- tasodifiy to'qnashuvlarning oldini olish uchun infrastruktura yaxshilanadi.
Tezlikning yo'ldagi halokatlarga aloqasi muhim. AAA Foundation (1947-yilda tashkil qilingan) izlanishlariga ko'ra, 2018-yilda o'lim bilan yakunlangan to'qnashuvlarning 68 foizida tezlik 40 mil/soatdan (64 km/soat) yuqori bo'lgan. Tezlik 25% mil/soatdan (40 km/soat) kam bo'lgandagi o'limlarning foizi - 12%.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining 2016-yil hisobotiga ko'ra, AQSh'da 100 000 odamdan 12.4 kishi yo'l hodisalarida halok bo'lgan. Shu ko'rsatkich O'zbekiston uchun 11.5 (kamroq).