Google I/O 2022
Google kompaniyasining yillik Google I/O konferensiyasi, odatda, yilning may oyida bo'lib o'tadi. Men hozir faqat asosiy taqdimotiga (keynote) to'xtalmoqchiman. 2 soatlik to'liq video bu yerda va The Verge'dan 18 minutlik qisqa video quyida.
Menimcha, so'nggi paytlarda Google qilayotgan anonslar ko'proq Apple'nikiga yaqinlashib boryapti. Google, bir tomondan, Facebook kabi reklama asosiga qurilgan bizneslar bilan, turli qurilmalar va operatsion tizim biznesida Apple bilan, bulut servislari bo'yicha esa ham Amazon, ham Microsoft bilan raqobat qiladi. Lekin hozirgi holat va imkoniyatlari bilan Google kelajakda uchala katta kompaniyadan (Apple/Amazon/Microsoft) ham kengroq masshtabdagi biznesga aylanishi mumkin.
Taqdimotdan yaqqol ko'zga tashlanadigan narsa: Google o'zining ekotizimini rivojlantirishga jiddiy kirishgan. Asosiy anonslar:
- Pixel 6A. Arzonroq ($449 narx), nisbatan kuchsizroq kamera, kamroq batareya quvvati bilan. Google avvalroq Apple o'zining smartfonlaridan naushnik (quloqchin?) portini olib tashlagani ustidan kulishiga qaramasdan, Pixel 6A ham bu portga ega emas.
- Pixel Watch. Google va Samsung birga ishlayotgan Wear OS tizimida ishlaydi va Google yaqinda sotib olgan Fitbit bilan integratsiya bo'ladi.
- Pixel Buds Pro. Shovqinni kamaytiradigan naushniklar. Har xil ranglari bor.
- Android kattaroq ekranga moslashuvi va Pixel brendidagi planshet (kelajakda).
- Google Wallet. Turli bank kartalari, biletlardan tashqari endi AQShda haydovchi guvohnomasini (deyarli passport) ham saqlash va lozim bo'lganda ishlatish mumkin.
- Ko'zoynak konsepti. Hali yetarlicha detallar mavjudmas, lekin Google (yana) ishlayotgan ko'zoynak konseptini ko'rsatishdi. Foydalanuvchiga qachon, qanaqa ko'rinishda yetib borishi aniqmas. O'tgan yili ko'rsatilgan Project Starline haqida ham biror narsa deyishga hali erta.
- Sun'iy intellekt hamma joyda. Bu borada hozir Google'ga yetadigan kompaniya yo'q, menimcha. Foydalanuvchilarning hamma ma'lumotiga ega bo'lishning qo'shimcha katta foydasi.
- Android 13 evolyutsion ravishda rivojlanishda davom etadi (juda katta o'zgarishlar kam).
- Google foydalanuvchilar ma'lumoti maxfiyligi haqida jiddiy qayg'urayotganini ko'rsatishga harakat qildi. Lekin asosan reklamadan daromad oladigan kompaniyaga sal ishonish qiyinroq va menimcha, Google shu daromadni boshqa manbalardan olishga o'zgartirmoqchi.
- Va boshqa turli reklama, qidiruv, xarita va hokazo bilan bog'liq o'zgarishlar.
Mendagi hissiyot: qurilmalar va operatsion tizim borasida Google xuddi Apple'ga yetvolishga juda qattiq harakat qilayotgandek. Yuqoridagi ro'yxatni quyidagicha qisqartirish mumkin:
- Pixel 6A β Apple iPhone Mini yoki iPhone SE
- Pixel Watch β Apple Watch
- Pixel Buds Pro β Apple AirPods Pro
- Pixel tablet β Apple iPad (menimcha, xuddi iPad kabi turli variantlarda bo'ladi)
- Google Wallet β Apple Wallet
- Ko'zoynak β katta ehtimol bilan Apple yashirincha ishlayotgan ko'zoynakiga raqobat.
Bu borada Google'ga (va balki hammaga/dunyoga) yetishmayotgan narsa: personal kompyuterlar uchun to'laqonli operatsion tizim. Bir tomondan, Chrome OS bor lekin uni (hozircha) murakkabroq topshiriqlar uchun ishlatib bo'lmaydi. Windows bilan esa to'laqonli integratsiya yo'q va bo'lmaydi ham. Shuning uchun, Apple ekotizimi to'laqonliroq.