Til va mamlakat
Saytlarda va interfeyslarda koʻp uchrab turadigan xatolardan biri — tilni tanlash uchun davlat bayroqlarini ishlatish. Masalan, Orient Finans Bank sayti tilni tanlash uchun uchta variant taklif qilyapti:
Har bir til nomining oldida davlat bayrogʻi. Oʻzbek tili uchun Oʻzbekiston bayrogʻi, rus tili uchun Rossiya Federatsiyasi, ingliz tili uchun Buyuk Britaniya bayrogʻi.
Lekin til va mamlakat bir-biriga bogʻliqmasligini hisobga olish lozim. Saytdan rus tilida foydalanadigan odamlar faqat Rossiya fuqarolari boʻlmasligi mumkin. Rus tili sobiq Sovet davlatlarining koʻpida ishlatiladi. Ingliz tili esa dunyodagi eng koʻp foydalanalidigan til (55 ta davlatda rasmiy til) va Buyuk Britaniyaga aloqasi deyarli qolmagan (nomidan tashqari). Aytgandek, OFB saytining inglizchasi yaxshi, lekin sanalarga qarab qaysi ingliz tilini ishlatilayotganini bilib boʻlmadi: amerikancha (January 7, 2022) yoki britancha (18 april 2019). Yana bitta fakt: Artemiy Lebedev studiyasining saytidagi skrinshotlarda til tanlash imkoniyati yoʻq. Menimcha, bu imkoniyat keyinroq OFB tomonidan qoʻshilgan.
Davlat bayroqlarini ishlatish, ayniqsa, bitta davlatda bir nechta til yoki yozuv ishlatilganda oʻz kuchini yoʻqotadi. Masalan, Prezidentning rasmiy veb-sayti bayroqlarni ishlatolmaydi, chunki, “OʻZB” va “ЎЗБ” uchun ikkita bayroq ishlatish majburiyati tugʻilardi.
Xulosa:
- interfeysda tillarning nomini bayroqlarsiz yozish lozim: Oʻzbekcha, Русский, English;
- imkoni boricha qisqartmasimas (“UZ”, “RU”, “EN”), toʻliq nomi yoziladi.
11-avgust 2019