Madaniyat+1: kinoteatrda telefon
Kinoteatrda biror kino seansi ketayotganda telefonidan foydalanadigan odamlarni seansdan haydab, qayta kinoteatrga kelishini taʼqiqlaging keladi. Shundoq ham kinoteatrlarda odamlar filmni maza qilib tomosha qilishi uchun deyarli hamma yorugʻlik manbalari oʻchiriladi. Oʻchirilmasdan qolishi lozim boʻlgan yagona yorugʻlik — “Chiqish” belgisi: bu ham yongʻin xavfsizligi uchun.
Film koʻrayotgan vaqtingda telefonidan foydalanadigan odamlar esa yonidagi va ayniqsa, orqadagi odamlarga filmni bemalol koʻrishga yaxshigina xalaqit beradi. Agar shunchalik muhim ishlaring boʻlsa, nega kinoga tushding? 1-2 oy kutib tursang oʻgʻirlanganini televizorda qoʻyishadi yoki sifatsiz versiyasi torrentlarga chiqadi (telefondan foydalanishiga qaraganda bu odam sifat bilan film koʻrishni bilmaydi va boshqalarga ham yoʻl qoʻymaydi). Indamay uyingda xohlagancha telefonda gaplashib, muhim ishlaringni hal qilib koʻraver?..
Xullas, kinoga tushganda telefon ovozsiz yoki chalgʻitmaydigan (Do Not Disturb) rejimga oʻtkaziladi. Juda boʻlmaganda telefon yorugʻligi maksimal darajada kamaytiriladi. Va hech qachon ovoz bilan kinoteatrda gaplashilmaydi.
Axmoqlikning yana bir darajasini aytib oʻtishim lozim: bildirishlar (notifications) uchun kamera fonarini ishlatish. Har xil bildirishlar, xabar va hokazolarning hammasi qabul qilayotgan odamga tegishli. Atrofdagilarning ham diqqatini tortib fonar yonib-oʻchishi shart emas. Kinoteatrda esa buni oʻchirmaslik juda axmoqona.
8-iyul 2019