📣 Podkastlar
Men podkast eshitaman. Men koʻp podkast eshitaman. Audiokitoblarni eshitmayotgan vaqtlarda eshitadiganim — podkastlar. Ular menga turli yangiliklarni har xil saytlardan oʻqimasdan umumiy maʼlumot olish va muhokamasini eshitish, qiziq intervyular bilan joriy ishimdan chalgʻimasdan tanishish imkoniyatini beradi.
Podkast nima?
Podkast — foydaluvchi yuklab eshitishi mumkin boʻlgan audiofayllar toʻplami. Xuddi blog kabi faqat audio shaklida. Audio uzunroq maʼlumotlar uchun juda qulay format. Masalan, juda uzun matnni toʻlaqonli oʻqib, hazm qilib chiqish uchun juda koʻp vaqt ketadi, matnni yana keyingi sahifasiga qoʻlda oʻtkazish kerak, koʻzingiz band boʻlgani uchun yurib yoki yugurib oʻqish mumkin emas. Video ham qulayroq lekin unda ham koʻz videoni qabul qilish bilan band boʻladi.
Audio eshitishda esa ham koʻz, ham qoʻl erkin boʻladi. Bu ham ishlayotganda, ham koʻchada sayr qilayotganda, turli noqulay joylar, masalan, samolyotda ham uni qabul qilish imkoniyatini beradi.
Podkastlarning oʻziga xosligi: ular RSS orqali tarqaladi (bir paytlar bloglardagi yozuvlar shu texnologiya orqali tarqalardi: har xil saytlarga kirib chiqmasdan, yagona joyda yangi yozuvlarni olib koʻrish mumkin edi). Podkast tarqatiladigan platformada RSS fayl generatsiya qilinadi va podkast eshitiladigan kliyentlarda shu fayl yangilanib turadi, audiofayllar eshitish uchun yuklab olinadi.
Vikipediyada podkast haqida inglizcha va ruscha.
Podkastlarni qayerdan topaman?
Podkastlar uchun hozirgi kunda YouTube kabi yagona manba mavjud emas. Yaqinlargacha Apple Podcasts (iTunes) bu borada yetakchilik qilgan. Lekin oxirgi paytlarda ham podkast kataloglari, ham kliyentlari (ilovalar) koʻpayib boryapti. Oddiy musiqa eshitishga moʻljallangan Yandex Musiqa va Litres ilovalarida ham podkast eshitish imkoniyati mavjud.
Kataloglarda podkastni topishdan tashqari uning reytingi, foydalanuvchi taqrizlarini ham koʻrish mumkin. Bu eshitishga arziydigan podkastlarni tanlashga yordam beradi.
Asosiy podkast manbalari:
- Apple Podcasts. Veb versiyasi unchalik qulaymas, lekin ilovasida podkastlarni topish va obuna boʻlish juda qulay. Asosan, Apple qurilmalari foydalanuvchilari uchun.
- Google Podcasts. Android foydalanuvchilari uchun Google ham podkastlar katalogi va ilova qilgan. Veb versiyasida ham podkastlarni eshitish mumkin.
- Spotify. Spotify oʻzining foydalanuvchilari har xil ilovalarga “sakrab” yurmasligi va yanada koʻproq foydalanuvchilarni jalb qilish uchun yaqinda katalogiga podkastlarni qoʻshdi. Ilovani tark etmasdan podkastlarga obuna boʻlish va eshitish mumkin. Spotify 2019-yilning fevralida 340 million AQSh dollariga podkast chiqaruvchi Gimlet (30 dan ortiq podkastlari bor) va podkast tarqatish servisi — Anchorʼni sotib oldi.
- Yandex Musiqa. Xuddi Spotify kabi, Yandex ham podkastlarni oʻzining Musiqa ilovasida koʻrsatishni boshlagan. Aytgandek, ular servisning faqat interfeysinimas, ichidagi kontentni ham oʻzbek tiliga tarjima qilishayotgan ekan 👍
Yana Den Talala ruscha podkastlarning katalogini qilgan: Подкасты на русском.
Men podkastning reytingini bilish uchun Apple Podcasts katalogini tavsiya qilaman. Boshqa platformalar, asosan, eshitish va topish imkoniyatini berishadi, lekin eshituvchilarning fikri yoʻq.
Qanday eshitaman?
Asosan, mobil ilova orqali. Shaxsan menga, faqat iOS ilovasi sifatida mavjud Overcast yoqadi. Baʼzida macOS ilovasi yoʻqligi bilinsa ham, mobil ilovasi juda ajoyib qilingan. Menga yoqadigan asosiy imkoniyatlari:
- Smart speed: podkastda jim turgan vaqtlarni kesib tashlaydi. Bu podkastning eshitish hajmini kamaytiradi.
- Voice boost: ovozni yuqorilashtirib beradi. Hamma podkastlar ham yaxshi ovoz bilan yozilmaydi. Overcastʼning bu imkoniyati yomon sifatli ovozlarni ham ancha normallashtiradi.
- Takliflari: turli podkastlarni obunalar asosida taklif qiladi. Baʼzida qiziqarlilarini topish mumkin.
- Epizoddagi maʼlum mavzuga sakrash: podkast epizodining hammasi ham qiziq boʻlmasligi mumkin. Overcast (xuddi YouTubeʼdagidek) epizodning maʼlum vaqtiga sakrab oʻtish imkoniyatini beradi.
Qolgan imkoniyatlari xuddi boshqa podkast kliyentlari kabi: uxlash uchun taymer, podkastlarni topish, obuna boʻlish, ularni yuklash va eshitish kabi. Afsuski, podkastlarni baholash va taqriz qoldirish turli kataloglarning rasmiy kliyentlarida mavjud.
- Apple Podcasts: iOS, macOS, tvOS. Albatta, Apple podkastingga birinchi kirib kelgan va eng katta katalog ularda. macOS Catalina operatsion tizimida podkastlar iTunesʼdan alohida dastur sifatida chiqarildi. Apple ekotizimidagi barcha qurilmalarda podkastlarni eshitish mumkin.
- Google Podcasts: Android, qisman veb. Apple ilovasiga nisbatan cheklanganroq. Lekin Android foydalanuvchilari uchun shu yetarlidir balki. Adashmasam, Google Podcasts faqat oʻzining katalogi bilan ishlaydi. Bu esa katta minus.
- Spotify va Yandex Musiqa. Ikkalasining ham veb versiyasi, mobil va desktop operatsion tizimlar uchun kliyentlari mavjud.
- Overcast: iOS. Qisman veb versiyasi ham bor.
- Pocket Casts: Android, iOS. Overcast qanaqa imkoniyat taklif qilmasin, u faqat iOS uchun mavjud. Pocket Casts ham Android, ham iOSʼda toʻlaqonli ishlatsa boʻladigan ilova.
- Castro: iOS. Bu ham faqat iOS uchun chiqarilgan oʻziga xos ilova. Saytida aytishicha, podkastlarni sevadiganlar uchun pleyer.
- Castbox: Android, iOS. Castbox podkast yozuvchilar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ham beradi.
- Yana Stitcher (Android, iOS) bor. Adashmasam, bu ham katalog, ham kliyent.
- Litresʼda ham ruscha podkastlarni eshitish mumkin: Android, iOS.
- Ruscha podkastlar Soundstream sayti va ilovasida(Android, iOS) ham mavjud. Bir paytlar juda mashhur boʻlgan PodFM saytini shular sotib olgan ekan.
Yuqoridagilardan birortasini tanlash uchun sizning mobil tizimingizga mos hamma ilovalarni yuklab oling va bir haftadan har biridan foydalanib koʻring. Birortasi yoki sizga yoqadi, yoki siz qabul qilasiz.
Deyarli hamma podkast ilovalari bepul. Baʼzilari reklama koʻrsatadi va yiliga oʻrtacha 10 AQSh dollari evaziga reklamani oʻchirib, qoʻshimcha imkoniyatlar beradi. Men shu ilovalarni yaratgan odamlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ham premium versiyasiga pul toʻlashni maslahat beraman.
Maslahatlar
Podkast eshitish boʻyicha maslahatlarim:
- Boshlanishiga osonroq, oʻzingiz qiziqadigan podkastlarni tanlang. Ixtiyoriy mavzuda boʻlishi mumkin: videooʻyinlar, sayohat, psixologiya, ilm-fan, din va hokazo. Keyinroq nisbatan murakkab mavzularga oʻtish mumkin.
- Podkastni koʻp joyda eshitish mumkin: sayr qilayotganda, transportda, navbatda, ishlayotganda. Masalan, ishlayotganda audiokitoblar maʼqul boʻlmasligi mumkin, lekin podkastlarni eshitsa boʻladi. Chunki, podkastlardagi baʼzi mavzularni oʻtkazvorish — ok.
- Qiziq boʻlmagan epizodlarni oʻtkazvoring. Hammasini eshitish shart emas.
- Hamma ilovalarda audiofayllarni faqat Wi-Fi orqali yuklash imkoniyati mavjud. Internet traffikini tejash uchun yaxshi bu.
- Podkast eshitish — til oʻrganish uchun ham juda effektiv usul. Masalan, quyidagi podkastlar ingliz tilini oʻrganish uchun juda mos: 6 Minute English, Puzzle English (hozir toʻxtatilgan lekin epizodlari qiziq), umuman, Lifehacker.ru yaxshi toʻplam tayyorlagan: 10 подкастов для изучения английского языка.
Oʻzbek tilida qani?
Afsuski, oʻzbek tilida podkastlar yoʻq. Bundan 8-9 yil oldin biz (men, Jamshid Nazarov va Toʻlqin Yusupov) oʻzimiz qiziqib “Birinchi podkast”ning 3 ta epizodini yozganmiz va keyin tashlab qoʻyganmiz. Facebookʼdagi sahifasi hali ham mavjud: https://www.facebook.com/podcast.uz/
Telegram Oʻzbekiston uchun deyarli hamma narsani amalga oshiradigan superilovaga aylangan, shuning uchun, baʼzi odamlar fikrlarini Telegram kanalida audioxabar sifatida qoldiradi, lekin buni podkasting bilan aloqasi kam. Men uni podkast sifatida yuklab olib, oʻzim xohlagan kliyentimda eshitolmayman.
Bu borada ancha ijobiy oʻzgarishlar boʻlishini kutib qolamiz.
23-fevral, 2020: yuqoridagi muammo tuzatildi. Chaqmoq FM podkasti oʻzbek tilida, va deyarli barcha platformalarda mavjud.
15-fevral 2020