August 29, 2021

Toshkent haqida ikkita fikr

May-iyun oylarida asosan Amerikada yashaydigan ikkita hamkasbimiz (Apurva va Mayk) Toshkentda biz bilan ishladi. Yaqinda ulardan Toshkent haqida qisqa fikrlarini soʻradim. Quyida ikkalasining ham javobini keltiraman.

Apurva

3 yoshida oilasi Hindistondan Amerikaga koʻchib ketishgan va shundan beri asosan Amerikada yashaydi. 2-3 yilda bir marta Hindistonga borib turadi. Adashmasam, ingliz tilidan tashqari Hindistondagi 780 ta tildan birida ham gaplashadi.

Ijobiy

  1. Menga hamma bir-biriga ishonishi juda yoqdi: ixtiyoriy odamning mashinasiga chiqib ketish mumkin. Xuddi hamma taksi haydovchisiga oʻxshaydi.
  2. Toshkent juda toza. Menimcha, Hindiston bilan solishtirganda. Chunki Kanzas-Sity Toshkentdan ancha toza.
  3. Men oʻzimni xavfda his qilmadim. Hatto tunda sayr qilganimda ham.
  4. Odamlari juda yaxshi.
  5. Koʻp joyga piyoda borsa boʻladi.

Salbiy

Vegetariancha ovqatni topish juda qiyin!

Mayk

Amerikada tugʻilib oʻsgan. Ingliz tilida gaplashadi faqat (sal ispan tilini biladi, menimcha). 1-2 Yevropa davlatlari va Dominikan Respublikasida boʻlgan.

Ijobiy

  1. Ommaviy transport. Yoʻldagi deyarli hamma mashina — taksi va bundan tashqari, ajoyib metrosi bor.
  2. Taomlarning xilma-xilligi. Men hamma joyda yevropacha ovqat yeyishim mumkin va bu oʻzimni xuddi Amerikadagidek his qildim.
  3. Boshqa rivojlanayotgan davlatlardan farqli ravishda, menga narsasini sotmoqchi boʻladigan sotuvchilar tomonidan taʼqib qilinmadim. Balki, men chet ellikka oʻxshab koʻrinmagandirman 🙂 (rusga oʻxshab ketishini aytib hazillashyapti)
  4. Shaharda daraxtlar juda koʻp.

Salbiy

  1. Aeroport chet elliklarga moʻljallanmagan. Yana men koʻp narsalarni tushunishga qiynaldim, chunki, Ingliz yoki Ispan tilidagi yozuvlar kam.
  2. AQSh fuqarolari uchun vizasiz sayohat qilish imkoniyati yoʻq.
  3. Roʻyxatdan oʻtish (propiska) byurokratiyasi juda kulgili (ridicilous) va murakkab.
  4. Oʻzbek yoki rus tilini bilmaydiganlar uchun shaharni aylanib chiqish qiyin.

Xullas

Yuqoridagi fikrlar hokimiyat yoki davlat xodimlari tomonidan sotvolingan xulosamas. Oʻzbekistonga nisbatan ancha rivojlangan davlatda yashaydigan oddiy odamlarning fikrlari. Toʻgʻri, ular bu yerda yillab yashamagan va yashash uchun kurashmagan, lekin baʼzida boshqa odamlardan shahar haqidagi fikrlarni koʻrganda Toshkent unchalik ham yomon shaharmasligini his qilasan.

Shaharning ijobiy tomonlarini saqlab qolib, bundan-da yaxshilash lozimligi haqida oʻylaysan. Va salbiy tomonlarini esa kamaytirib borishni vazifadek koʻrasan.

Men quyidagilarga eʼtibor berish lozim, deb oʻylayman:

  1. Taksilarning koʻpligi va ularning xavfsizligi yaxshi. Bular duch kelmagan, aeroportda turib turistlarni “kiydiradigan” taksistlarni ham yoʻqotsak.
  2. Piyoda yuradigan odamlar uchun yaxshi trotuarlar qilsak: faqat asfaltmas, mashinalar turmaydigan, qulay. Va yoʻllarni kesib oʻtishdagi xavfni kamaytirish lozim.
  3. Shaharda daraxtlarni saqlab qolish va ularni yanada koʻpaytirish.
  4. Aeroportning dizaynini chet elliklar uchun moslashtirish lozim. Rostdan ham, xalqaro aeroportlarning asosiy koʻzlangan auditoriyasi (target audience) — turistlar. Biz oʻzimizning (axmoqona, oq, panjara bilan oʻralgan) dizaynimizni tiqishtirishimiz zarar keltiradi xolos. Shunchaki chet el tajribasidan oʻrnak olsak boʻladi.
  5. Propiska — ogʻriqli muammo. Ham achinarli, ham odamlarni tahqirlaydigan bunaqa tajriba haligacha yashab kelayotgani meni hayron qoldiradi. Yoki hayron qoldirmaydi: Oʻzbekiston xalqi bir necha yuz yildan beri odamlarni oʻylaydigan davlatchilikka ega boʻlolgani yoʻq.
  6. Ingliz tilini biladigan odamlar (hatto tub aholi ham) koʻpayishi kerak. Xuddi Singapurdagidek ixtiyoriy odamga ingliz tilida ham murojaat qila olish — ajoyib.

20-iyul 2019