Qoyali togʻlar. Birinchi qism: Grand Lake atrofi

Avvalgi hikoyamda aytganimdek, Denver shahrining gʻarbiy qismida AQShni deyarli ikkiga boʻluvchi togʻlar boshlanadi. Bu togʻlarning nomi — Qoyali togʻlar (Rocky Mountains). 80-55 million yil oldin paydo boʻlgan bu togʻlar oʻzining tabiati bilan juda koʻp odamni Koloradoga chorlaydi.

Ushbu togʻlardagi yovvoyi tabiatni saqlab qolish XIX-asrdayoq boshlangan. Avval 1891–1892-yillarda AQSh prezidenti Uilyam Garrison bir nechta oʻrmon fondlari tashkil qilgan. Keyinroq esa Teodor Ruzvelt 1905-yilda hozirda Rocky Mountain National Park deb ataladigan joyni ham oʻz ichiga oladigan qilib kengaytirgan. 1915-yilda esa yana bir AQSh prezidenti Tomas Vudro tomonidan shu parkka (Rocky Mountain National Park) asos solingan. Maqsad: kelajak avlodlar uchun ushbu maydonni saqlab qolish. Bu sizga toʻxtamasdan yerlarni oʻzlashtirib paxta ekish yoki qayerda boʻsh joy koʻrinsa “siti” qurish deganimas.

Biz borayotgan va bir necha kun sarflaydigan Grand Lake toʻgning ichkarirogʻida joylashgan. Denverdan shu koʻlgacha mashinada taxminan 2 soatdan koʻproq yuriladi.

Joylashgan uyimizning eng yuqori qavati menga tegdi. Shundoq oynadan koʻl va togʻ koʻrinadi; yuqoridagi oynadan esa — osmon.

Taxminan bunaqa manzara. Musaffo osmon™, koʻl va tartib bilan qurilgan pirs. Oʻzbek tiliga dengizchilik sohasidagi terminlar deyarli kirib kelmagan, afsuski.

Asfalt yoʻl mavjudmasligiga qaramasdan uylar atrofi toza. Bu yerda ham nisbatan ochiq tuproqni topish qiyin.

Grand Lakeʼdan shimoli-sharq tomonga ozroq yurganda Sammerlend-park (Summerland Park) mavjud. Park yana bir qancha mayda koʻllarga olib boradigan yoʻlni boshlab beradi. Amerikada “hiking” — piyoda uzoq yuriladigan yoki yuqoriga koʻtariladigan sayr juda mashhur. Bu yerlarda hatto 70 yosh atrofidagi qariyalarni ham uchratish mumkin. Parkka kiraverishda “hiking” uchun zarur narsalar eslatma sifatida yozib qoʻyilgan. Yana ajoyib eslatma: qayerga ketayotganingiz va qachon qaytishingizni albatta kimgadir bildirib qoʻying.

Yuqorida yozganimdek, Amerikada yovvoyi tabiatni asrashga juda jiddiy qarashadi. Va tabiatga, albatta, hayvonlar ham kiradi. Odamlarga sezilarli xavf tugʻdirishiga qaramasdan pumalarni (togʻ sheri) hech kim otib ketmaydi yoki ularni haydavorishmaydi. Chunki, bu ularning tabiiy muhiti va unga kirayotgan odamlar ehtiyot boʻlishi lozim.

Dam olish uchun moʻljallangan rancho. Bu ranchoda baliq ovlash, golf oʻynash, otda yurish, qayiqda sayr qilish kabi faoliyatlar bilan shugʻullansa boʻladi.

Otlar.

Ranchodan keyin sivilizatsiyaning belgilari kamayadi. Toʻgʻ, daraxtlar…

Baʼzida soylar…

Yoki katta toshlar…

Yuqoriroqqa chiqqandagi yoʻlaklar ham tabiiy.

Va yanada yuqoriga chiqqanda qor uchraydi.

Baʼzida shunchaki boʻsh maydonlarni uchratish mumkin.

Koʻrsatkichlar ham yogʻochdan tayyorlangan.

Biz shu togʻlarga borgan paytimizda daraxtlarning koʻpi qanaqadir qoʻngʻiz sababli qurigan. Iyun oyida daraxtlarning hammasini yashil rangda koʻrishni kutasiz, lekin ularning 30-40 foizi qurigani gʻalati.

Bugʻular bemalol dam olib yotishibdi. Ajoyib!

Grand Lake yonida shu nomli shaharcha (town) mavjud. Juda katta boʻlmagan, lekin deyarli shaharning infratuzilmasi mavjud. Atrofni oʻrganganda qiziq narsalarga duch kelish mumkin.

Masalan, bu yerda odamlar chiqib tunda shunchaki dam olishi uchun koʻchma pechka.

Uylar va qoʻshimcha inshootlar shu yerda oʻsgan daraxtlar bilan uygʻunlashib ketgan.

Turli qayiqlar uchun pirs. Grand Lake yonida kattaroq yana bitta koʻl bor: Shadow Mountain Lake.

Eʼtiborlisi suv va sohil judayam toza.

Yongʻin paytida suv sepish uchun ishlatiladigan shlang aravaga oʻralgan.

Grand Lake unchalik ham katta boʻlmagan shahar — Denverdan 160 km uzoqlikda joylashgan. Bundan tashqari, qanaqadir togʻli hududda. Lekin meni qoyil qoldiradigan narsa hatta shu yerda ham shaharsozlikning eng yaxshi tajribalari ishlatilganligi! Qarang, ariqlar yoʻq. Suv oqib ketishi uchun yoʻl chetiga sal chuqurroq maxsus beton qoʻyilgan.

Yomgʻir yoki qor erigandagi suvlar biroz oqib kanalazitsiyaga tushib ketadi. Ular biror joyda yigʻilmaydi. Biror joy loy boʻlishi imkoniyat ham yoʻq. Bu taxminan 1 000 dan ortiq odam yashaydigan shaharchada!

Yoʻl belgilarida maxsus ikonkalar mavjud.

Ehtiyot boʻling, chavandozlar yoʻlni kesib oʻtishi mumkin.

Shaharchaga kiraverishdagi koʻrsatkichlar.

Amerikada juda koʻp joylarda uchraydigan narsalardan biri — piknik uchun stol (picnic table). Bu stollar deyarli bir xil standartda yasaladi. Odatda, yogʻochdan. Baʼzida metall aralashadi (quyidagidek). Baʼzida esa marmar yoki toshdan ham tayyorlashlari mumkin. Men uchun shunaqa joylar juda ochiqlik belgisi. Har zamonda Kanzas-Sitida boʻlganimda Jimmy Johnʼs sendvichlarini albatta tanavvul qilaman. Va odatda, sendvichni oʻzim bilan olib ozroq daraxt bor va gazon ekilgan joydagi shunaqa piknik stolida sendvich yeb mashinalarni tomosha qilib oʻtiraman.

Motel.

Turli oʻsimlik va gullar sotadigan magazin.

Shaharchaning markazi nisbatan oddiy.

Lekin xuddi yovvoyi gʻarb haqidagi filmlarda koʻrganimizdek, trotuar yogʻochdan qilingan. Menimcha, Amerikada yogʻoch bilan muammo boʻlmagani uchun haligacha koʻp uylar yogʻochdan quriladi.

Eʼlonlar. Eʼtibor berilsa, ikki qavatli uy 359 000 AQSh dollariga sotilyapti.

Mashinalarni diagonal qoʻyish belgisi.

Koʻlning nisbatan ommaviy joyi. Dam olgani keladigan turistlar shu yerda qayiq olishlari mumkin.

Yozishlaricha, koʻl 30 000 yil oldin paydo boʻlgan. Orol dengizi taxminan 17 600 yil oldin paydo boʻlgan.

Bu yerdagi baʼzi kemalar uchun parkovka mavjud.

Ommaviy hojatxona.

Shu yerning oʻzida turistlar uchun sovgʻa magazini mavjud. Koʻl, togʻ mavzusidagi juda koʻp buyumlar sotib olsa boʻladi.

Amerikada haligacha oʻyin avtomatlari uchraydi. Baʼzida oddiy bir kichik burger qilinadigan joyda ham.

Burchakkacha mashina qoʻyish mumkinmas.

Oʻrindiqlar Amerika uchun yana bir alohida mavzu. Ular koʻp. Va bu juda yaxshi.

Yana piknik stollari. Bu safar suvning boʻyicha ovqatlanish uchun (menga yoqadigan yana bir mashgʻulot).

Bu yerda oʻrindiqlarni har doim ham shahar hokimiyati yoki davlat oʻrnatishi shart emas. Shunchaki bino egasi ham oʻrnatishi mumkin. Toʻgʻridan-toʻgʻri foydasi yoʻq, lekin umuman odamlar uchun foydali.

Hatto bolalar uchun ham alohida maxsus oʻrindiq tayyorlash mumkin.

Va sohilga qoʻyiladigan oʻrindiqlar, albatta, eng yaxshilari.

Bu atroflarda ayiqlar axlat yeb halok boʻlishi mumkinligi uchun bu alohida ogohlantiriladi.

Gidrantlar uzun bayroqcha bilan belgilangan.

AYOQSh.

Baliqchilar.

Baʼzi uylarning oʻzida kemalar uchun parkovka mavjud. Qulay.

Kanalizatsiya yetib bormagan joylarda koʻchma hojatxonalarni ijaraga olsa boʻladi. Maxsus kompaniya yetkazib berish, toʻlganda tozalab qaytarish bilan shugʻullanadi. Buyam qulay.

Toʻxtashga tayyorlanish haqida ogohlantirish.

Baʼzida shunchaki vaqt oʻtkazish uchun bunaqa ayvonchalardan foydalanish mumkin.

Ishonaman-ki, har qanday odam Kolorado togʻlari va koʻllarini umrida bir marta boʻlsa ham koʻrishi kerak.


Amerikaning menga yoqqan ajoyib tomonlaridan biri — tabiatni qadrlash. Ular XIX asrdayoq kelajak avlodlar uchun saqlanishi lozim boʻlgan narsalarni koʻra olgan. Mana, oradan 100 yildan koʻp vaqt oʻtdi va AQSh aholisi bemalol hordiq chiqaradigan, hayotidagi bir xillikdan dam oladigan joylari yetarlicha. Hatto shaharlarida ham (Nyu-York haqidagi hikoyamda yozilgan).

Afsuski, xalq sifatida biz XX asrda juda qaygʻuli, uzoqni koʻzlamasdan, ochofatlarcha qarorlar chiqardik va haligacha shunaqa tajribalar davom etyapti. Oʻzbekistondagi shaharlarning tashqarisiga chiqsangiz faqat dalalarni koʻrish mumkin. Bir paytlar mavjud boʻlgan toʻqaylar, yovvoyi tabiat deyarli qolmagan. Qolgan boʻlsa ham ekin ekolmaydigan joylarimizda. Bu men uchun juda qaygʻuli. “Jannatmakon” deb beriladigan sifatni hozirgi Oʻzbekiston hududiga qoʻllashga ikkilangan boʻlardim…

Telegram