Alifbo muammosi
Turkiston (Oʻrta Osiyo, xususan) — sobiq Sovet tuzumidan eng koʻp jabr koʻrgan regionlardan biri. Bir necha davlatlarga boʻlinishi va buning oqibatida hozirgi Oʻzbekiston dengizga chiqish uchun ikkita davlatni bosib oʻtishi kerak boʻlgan dunyodagi ikki davlatdan biriga aylangan; Stalin repressiyalari, Paxta ishi, alifbomizning ikki marta almashinuvi va hokazo.
Bu mavzuni ancha davom ettirish mumkin. Lekin men faqat alifbomiz haqida toʻxtalaman ushbu postda. Bu post ham avvalgi boshqa postdan chiqqan ozgina uchqun va Muhrimning postiga davom sifatida yozilyapti.
1928-yilgacha foydalanilgan arab alifbosining rostdan ham turk tili uchun ancha noqulayligi boʻlgan. Masalan, haligacha men arab tilidagi toʻrtta “z”ning farqiga bormayman :-). U paytlarda oddiy aholi orasida savodli odamlar kam boʻlgan nisbatan. Buni aynan alifbo bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlash notoʻgʻri ham, lekin arab yozuvi tabiiy ravishda, turkiy xalqlar tomonidan oʻylab topilmagan. Bizning haqiqiy ota-bobolarimiz soʻgʻd, Oʻrxun-Enasoy kabi yozuvlardan foydalanishgan va albatta, oʻzlarining ogʻzaki nutqlari talablari asosidagina yaratilgan ushbu yozuvlar.
Yanalif
1928-yilda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida 34 ta harf mavjud boʻlgan. Ruscha Vikipediyaga koʻra 1928-yildagi alifbo quyidagi harflardan tashkil topgan:
A a B b C c Ç ç D d
E e Ə ə F f G g Ƣ ƣ
H h I i J j K k L l
M m N n Ꞑ ꞑ O o Ө ө
P p Q q R r S s Ş ş
T t U u V v X x Y y
Z z Ƶ ƶ Ь ь ’
Alifbodagi N harfidan keyin turgan harf — “dumli” N (ng). Hozirgi asosiy kodirovkalarda (Yunikodda ham) bu belgi uchramaydi. Quyiroqdagi rasmda uni yaqqol koʻrish mumkin.
Internetdan chiqib kelgan manavi fotodagi alifbo bilan ancha oʻxshash boʻlsa kerak (lekin rasmdagi yozuv oʻzbekchaligiga shubham bor):
1934-yilda alifbodan Ө ө, Y y, Ь ь harflari olib tashlangan. Toʻliqroq eski lotin yozuvi haqida ruscha Vikipediyadan ma’lumot olish mumkin: Узбекская письменность, Новый тюркский алфавит.
1928-yilda yoppasiga lotin yozuviga oʻtish Turkiyadagi lotinlashuv bilan parallel boshlangan. Bilishimcha, deyarli hamma turk xalqlari uchun Turkiya alifbosi asos qilib olingan va oʻziga xos tovushlar uchun alohida harflar qoʻshilgan. Yana oʻsha Vikipediyada yozilishicha, lotin yozuvidan kirillchaga oʻtkazishning ikkinchi darajali sabablaridan biri Turkiya va SSSR munosabatlarining sovushi keltirilgan.
Meni yana bir qiziqtirgan faktlardan biri — aynan turk xalqlari (+tojik tili) yozuvlari lotinlashtirilgan. Aynan shu xalqlargina lotin yozuviga oʻtkazilishining asosiy sababi, menimcha, ularning arab alifbosidan foydalanganligi. Chunki, gruzin va arman yozuvlariga e’tibor beraylik: gruzin yozuvi — eramizning V asridan hozirgacha, arman yozuvi — eramizdan avvalgi 405-yildan hozirgacha. Ular hatto kirill yozuviga ham oʻtishmagan(!).
Kirill
Kirill yozuviga oʻtishda ham darrov normal alifbo qabul qilinmagan: 1939-yildagi alifbo rus alifbosining barcha 33 harfi va qoʻshimcha Ң ң, Ҷ ҷ, Ө ө, Қ қ, Ƶ ƶ, Ҳ ҳ harflaridan tashkil topgan (Ө, Ƶ — kirill alifbosiga yot). 1940-yildagi alifbogina 53 yil davomida oʻzgarmay kelgan. Diqqat! Quyidagi satrlar koʻpchilikda “nostalgia mode” rejimini yoqishi mumkin!
А а Б б В в Г г Д д
Е е Ё ё Ж ж З з И и
Й й К к Л л М м Н н
О о П п Р р С с Т т
У у Ф ф Х х Ц ц Ч ч
Ш ш Ъ ъ Ь ь Э э Ю ю
Я я Ў ў Қ қ Ғ ғ Ҳ ҳ
Kirill yozuvidagi alifboning ham yetarlicha kamchiliklari boʻlgan. Masalan, yuqoridagi alifboda Е е, Ё ё, Ц ц, Ю ю, Я я harflari ortiqchadek. Faqat Ц ц biroz munozara tugʻdirishi mumkin. Boshqa “yolashgan” harflarni oʻzbek tilida bemalol yoyib yozsa boʻlaverardi: йэнгил, йозув, йутуқ, йанги kabi. Hammasida ikkita tovush. Yumshatish belgisi Ь ь ham faqat rus tilining oʻziga xos. Bundan tashqari, yana bir-ikkita tovushlar mavjud, mening fikrimcha alohida harf boʻlishga arziydigan: билим va илм soʻzlaridagi “и”, ўроқ va ўрдак dagi “ў” va h.k. Shu kabi kamchiliklari boʻlishiga qaramay, oʻzbek alifbosi sifatida juda mos tushgan. 1940-yildayoq yangi, oʻziga xos harflar kiritilganligi uchun hozirgi eng ommaviy Yunikod (Unicode) kodirovkasida barcha harflar mavjud. Koʻpchilik operatsion tizimlarda qiynalmasdan terish mumkin ushbu alifbodagi harflarni.
1993-yildagi lotin alifbosi
Mustaqillikka erishganimizdan soʻng esa, xuddi hamma ichida Sovet tuzumiga nafratini saqlab turgan, lekin hech kim aytolmagandek tutdi oʻzini. Shoirlar darhol yoʻnalishini oʻzgartirdi, kommunistlar vatanparvarga aylandi, 70 yillik tarixni “Ctrl+X” qilib olib tashlash siyosati boshlandi (haligacha elas-elas eslatib turadi oʻzini).
1993-yildayoq kirill alifbosidan voz kechilib, yana lotin yozuvi asosidagi alifboga oʻtish koʻrildi. “Oʻsha” alifbo 1928-yilda Turkiyada qabul qilingan alifbo bilan deyarli bir xil edi:
A a B b C c D d E e
F f G g H h I i J j
K k L l М m N n О о
P p Q q R r S s Т t
U u V v X x Y y Z z
Ç ç Ğ ğJjÑ ñ Ö ö
Ş ş ’
Ushbu alifboda faqat bittagina “ortiqcha” harf qoʻshilgan: J j. Qolgan harflarning barchasi operatsion tizim va Yunikodda mavjud. Agar shu alifbodan J j, C c harflari va qoʻshimcha Ñ ñ harfi olib tashlanganganda oʻzbek tili hozirgi davr uchun eng ideal alifboga ega boʻlardi.
1995-yildagi lotin alifbosi
Lekin, har doimgidek bunaqa vaziyatlarda chuchvarani xom sanaymiz. Turkman, ozarbayjon, turk va boshqa bir qancha lotin yozuviga asoslangan alifbolar oʻzini internet, kompyuterlarda normal his qilganida, birdaniga 1993-yilgi alifbomizning yuragi huruj qildi.
1995-yilda alifbomizga yana yangi oʻzgarishlar kiritildi. Mening fikrimcha, eng yoqimsiz va lotin tipografikasi asoslariga umuman toʻgʻri kelmaydigan yechim shu oʻzgarishlar bilan keldi. Eski alifbolardagi nostandart harflar davr oʻtishi bilan yechimini topardi, kirill yozuviga asoslangan alifbo ham oʻzini yaxshi his qilayotgandi. Aytib oʻtganimdek, 2-3 oʻzgarish bilan 1993-yildagi alifbo ideal holatga kelardi yoki boricha qoldirilganda J j harfi ham Yunikoddan allaqachon joy olgan boʻlardi. Afsuski, bular e’tiborga olinmagan oʻz vaqtida.
Hozirgi alifbo:
А а B b D d Е е F f
G g H h I i J j K k
L l М m N n О о P p
Q q R r S s Т t U u
V v X x Y y Z z Oʼ oʼ
Gʼ gʼ Sh sh Ch ch ’
Men joriy alifbomizning asosiy kamchiliklarini quyidagilar deb hisoblayman:
- bir tovushni ikki belgi ifodalashi va u alifboda yagona harf sifatida qabul qilinganligi: sh, ch; bularning nomi “digraf” deb ataladi va normal alifbolarga kiritilmaydi;
- ch harflar birikmasining birinchi harfi alifbomizda alohida mavjudmasligi:
c; - lotin tipografikasidagi bir tirnoq (tinish belgisi) diaktrik belgi sifatida ishlatilishi: o‘, g‘;
- avvalgi alifbodan yangisiga oʻtishning asosiy sababi sifatida kompyuter va internetga moslik, klaviatura orqali qiynalmasdan terish koʻrsatilgani holda, bir tirnoqni (ʻ) klaviaturadan toʻgʻridan-toʻgʻri terib boʻlmaydi va hozir kompyuter, internet foydalanuvchilarining asosiy qismi ushbu belgi oʻrniga yo apostrofni yoki akutni ishlatishadi; bundan kelib chiqib, asosiy sabab oʻzini oqlamagan va alifboni tuzishda chuqur tahlil qilinmagan, degan xulosaga kelish qiyin emas;
- tipografika va boshqa alifbolarni namuna sifatida olish mumkinligi haqida yozmayman — choʻzilib ketadi.
Sanab chiqqan kamchiliklarim juda kam. Lekin bu asosiylari va matnlarning oʻqilishi, yozilishiga katta ta’sir qiladi. Masalan, soʻnggi ikkita alifboni solishtiramiz:
1993-yildagi alifbo:
Uşbu Qonun Özbekiston Respublikasi Konstituciyasiga asoslanib va özbek yozuviniñ lotin alifbosiga ötilgan 1929-1940 yillardagi ijobiy tajribasidan kelib çiqib, keñ jamoatçilik vakillari bildirgan istak-xohişlarni inobatga olgan holda respublikaniñ har taraflama kamol topişini va jahon kommunikaciya tizimiga kirişini jadallaştiruvçi qulay şaroit yaratişga xizmat qiladi.
1995-yildagi alifbo:
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanib va oʻzbek yozuvining lotin alifbosiga oʻtilgan 1929-1940 yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarni inobatga olgan holda respublikaning har taraflama kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Menga yuqoridagi matn oʻqish uchun ham, yozish uchun ham (agar qolganida) qulayroq.
Savod masalasi
Endi hozirgi vaziyatga toʻxtalsam. Muhrim OʻzA saytining xabarlari endi kirill alifbosida ham berilishini tanqid qilgandi. Men ham qoʻshilaman unga. Davlatga tegishli boʻlgan nashrlar, idoralar birinchilardan boʻlib toʻliq yangi alifboga oʻtishlari lozim edi. Afsuski, shu “edi”si bor. Haligacha toʻliq emas. Juda koʻp tashkilotlardagi hujjatlar haligacha rus tilida.
Umuman olganda, savodga boʻlgan e’tibor Oʻzbekistonda ancha sust. Televideniye va radiolardagi boshlovchilardan adabiy tilda gapirish talab qilinmaydi. Deyarli barcha radiolarda “vay-yoʻoʻ”. Filmlarni-ku, gapirmasa ham boʻladi: Qashqadaryo viloyatining togʻli kichkina qishlogʻida loy qilayotgan bola Toshkent shahri shevasida gapiradi… Ya’ni, vaziyat birdaniga biz kutgandek keskin oʻzgarishi qiyin.
Xulosa
Endi shaxsan oʻzimning lotin alifbosiga oʻtganimning sababi haqida. Har qancha norozi boʻlishimga qaramay, hozirda davlat darajasidagi yagona alifbo — shu. Yosh avlod shu alifbo bilan voyaga yetyapti. Har qanday kirill alifbosidan koʻra normal lotin alifbosi yaxshi. Uni terishda qiynalmaysiz turli tizimlarda, shriftlar, kodirovka bilan muammo boʻlmaydi, asrlar davomida shakllangan lotin tipografikasi asoslarini bilish yetarli va hokazo. Xohlagancha kirill alifbosida yozishimiz, joriy alifboni qoralashimiz mumkin, lekin vaziyat oʻzgarishi qiyin. Hech boʻlmasa, endi paydo boʻladigan bloglar, forumlarda savod bilan normal yozilgan postlar paydo boʻlsa, yangi avlod apostrof, akut, bir tirnoqning farqiga borsa. Mana shu argumentlar bilan lotin yozuviga oʻtishga qaror qilganman. Hozir har kim buni oʻziga hal qiladi.
Havolalar:
- Romanisation in Uzbekistan: Past and Present
- A new (1993) Uzbek alphabet
- Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va imlosi [PDF]
- Узбекский язык: кириллица или латиница? / Ўзбек тили: кириллча ёки лотинча?
- Ўзбек лотин алифбоси ҳақида фикрлар
- Hoji Muin. Oʻzbekcha alifbolar tarixi (1926)
- Oʻzbek lotin alifbosi uchun klaviatura tugmalari tartibi
- Узбекско-латинский транслит
Ushbu maqola 30-avgust 2014 da yozilgan va keyinroq tahrirlangan.