Hokimiyatga taklif
Fevral oyida Toshkent shahar hokimiyatida turizm boʻyicha seminar boʻlib oʻtgandi. Asosiy mavzu — Toshkentni turistlar uchun qiziqarli shaharga aylantirish. Ushbu seminarga Javohir Nazarov orqali men ham taklif qilingandim va mavzu boʻyicha qisqacha prezentatsiya bilan chiqish qildim. Prezentatsiyada bildirgan fikrlarimni biroz toʻldirib bu yerda ham yozyapman. Kamida fikrlar prezentatsiya ichida qolib ketmasligi uchun. Bu yerdagi takliflarni boshqa shaharlarga ham qoʻllash mumkin.
Takliflarning asosiy qismi shaharni faqat turistlar uchun emas, umuman odamlar uchun qulaylashtirishga qaratilgan (turist — odam).
Arxitektura
Yagona stil
Eng katta muammolardan biri — binolarni yagona stilda qurilayotgani. Deyarli barcha davlat binolarining rangi oq, toʻq koʻk shisha ishlatilgan va binoning tagi jigarrang marmar.
Xuddi Toshkentni Ashxobodga aylantirishmoqchidek. U yerda eski binolarni ham oq rangga boʻyab chiqisharkan. Men uchun shaharda qancha xilma-xil arxitekturani kuzatsam shuncha qiziq.
Oq rang bizning xalq va davlat arboblari uchun juda muhim boʻlishi mumkin, lekin bu rangni, asosan, fon sifatida ishlatgan maʼqul. Tez jonga tegadi. Binolarning ranglari ixtiyoriy ranglarda boʻlishi mumkin: qizil, qora, koʻk, pushti, yashil, sariq va h.k. Baʼzida gʻishtdan qurilgan binolarni shundoqligicha tabiiy material bilan qoldirish mumkin.
Eski shahar
Toshkentning “eski shahar” deb nomlangan geografik qismi bor, lekin haqiqiy “Eski shahar” sifatida turistlarga koʻrsatiladigan qismi yoʻq. Yevropaning koʻp shaharlarida shunaqa maxsus qism bor. Quyida Varshava, Riga, Minsk, Baku shaharlarining “eski shaharlari” fotolari keltirilgan.
Har doim ham shaharning tarixiy arxitekturasi saqlanib qolmaydi. Masalan, Varshavadagi eski shahar Ikkinchi jahon urushi paytida buzilib ketgan va urushdan keyin qayta tiklangan. Toshkentda ham tarixiy fotolardan kelib chiqib Eski shahar qayta tiklanishi mumkin.
Bundan tashqari, shundoq ham Toshkentning ramzi boʻlgan Chorsu bozorini qayta qurishda bozordan katta foyda olishnigina oʻylamasdan, tarixiy yodgorlik va Eski shaharning bir qismi sifatida ham qarash kerak. Bu haqida Gazeta.uz juda yaxshi yozgan: Угроза разрушения памятника «Чорсу базар» и его окрестностей.
Shaharsozlik
Oʻzbekiston va sobiq sovet davlatlarining koʻpida shaharsozlik yaxshi rivojlanmagan: kir yoʻllar, parkovkalar yetarlimas, piyodalarga qulaylik kam, tirbandlik, daraxtlarning kesilishi va hokazo. Bu qismning asosiy maqsadi odamlar uchun shahar qurish: ham yashayotgan aholi uchun, ham turistlar uchun.
Shahar dizayni yoʻriqnomasi
Haligacha yangi kvartallar qurilishi, ularda yashaydigan aholi uchun qulayliklar yaratish, eski kvartallarni qanday zamonaviylashtirish boʻyicha yoʻriqnoma yoʻq. Lekin dunyo tajribasidan foydalanishdan hech kim bizni toʻxtatib turgani yoʻq.
AQShda NACTO (National Association of City Transportation Officials) degan tashkilot bor. Baxtimizga, shu tashkilot shaharlar qurilishi boʻyicha juda ajoyib yoʻriqnomalarni chiqaradi. Yoʻriqnomalarda hamma narsa mavjud:
- koʻchalar (katta, kichik, bir tomonli yoʻnalishli, mahallalar ichidagi) dizayni;
- chorrahalar dizayni;
- odamlar uchun koʻchalar;
- velosipedlar uchun qulaylik;
- shahar transportini qulaylashtirish (bekatlar, chorrahalar, qoʻshimcha elementlar);
- iqlimdan kelib chiqqan holda suv oqishini rejalashtirish.
Masalan, ikki tomonlama yoʻnalishli “quruq” koʻchani (bizda hali bunisiyam yoʻq aslida):
normal parkovka, xavfsiz, velosiped yoʻlakchasi va daraxtlar bilan quyidagicha takomillashtirish taklif qilinyapti:
Yoki bizda koʻp uchrab turadigan juda keng, faqat mashina yuradigan koʻchalar quyidagicha dizayn qilinishi mumkin:
Shunga oʻxshagan loyihani Ilya Varlamov va Maksim Kats ishga tushirgan: Городские проекты Ильи Варламова и Максима Каца. Ular, birinchidan, NACTOʼning koʻchalar dizayni boʻyicha yoʻriqnomasini rus tilida kitob sifatida nashr qilishgan. Yana trolleybuslar 😢, tramvaylar 😭, piyodalar oʻtish yoʻllari kabi loyihalar qilishadi. Umuman, Varlamov shahar dizayni haqida juda koʻp yozadi. Lebedev studiyasi ham mavze (kvartal) dizayni boʻyicha konsept chiqarishgan. Gazeta.uz ham yaxshi loyiha qilgan: Ташкент Мечты.
Shu kitob va tajribalarni hokimiyatda shahar arxitekturasi, koʻchalar va kvartallar dizayni bilan shugʻullanadigan odamlarga majburan oʻqitish kerak.
Transport
Asosiy maqsad: avtobus bekatlarini qulaylashtirish (quyidagi foto), avtobuslarga konditsionerlar qoʻyish, transport navigatsiyalarni turli tillarda tayyorlash, trolleybus va tramvaylarni qaytarish, parkovkalarni optimallashtirish. Hatto shahar hokimiyatining oldida ham parkovka normal rejalashtirilmaganligi uchun mashinalar koʻchaning 1-2 qismini egallaydi.
Yashil hududlar
Bizda parklarni xuddi har bir metr kvadratidan pul ishlaydigan yer sifatida qarashadi: ichiga iloji boricha koʻproq attraksion va magazinlar “tiqishadi”. Aslida, parklarning asosiy maqsadi shahar odamlarini tabiatga yaqinroq qilish va dam olishini taʼminlash.
Masalan, Nyu-Yorkdagi Markaziy park ham, Prospekt-park ham 19-asrda (!) qurilgan. Markaziy parkni Nyu-York aholisi 500 000 dan oshganda dam olishga joy qolmayapti, degan xavotir bilan qurishgan ekan. Prospekt-parkni qurish uchun esa fermerlardan yer 5 million dollarga sotib olingan ekan (hozirgi kunda 147 mln dollar, bu sizga Navroʻz parkining qurilishimas). Quyidagi fotolarga ahamiyat bering: katta maydon shunchaki tabiatning bir boʻlagi sifatida qoldirilgan.
Bizning Markaziy parkimiz attraksiolar bilan toʻla. Hatto Ekoparkda tabiatning oʻzi kam va bir qismiga hatto Makro magazini qurishyapti. Baʼzi davlatlarda 19-asrdayoq qoʻllanilgan tajribani nayotki 21-asrning Oʻzbekistonida qoʻllab boʻlmasa?
Daraxtlarni koʻpaytirishdan avval ularni koʻr-koʻrona kesishni toʻxtatish lozim. Koʻchalarga koʻproq daraxtlar ekilsin. Hatto yoʻllarning oʻrtalariga ham ekish mumkin (Singapurdagidek). Koʻproq oʻrindiqlar paydo boʻlsin shaharda. Baʼzi koʻchalarni faqat piyodalar yuradigan qilish mumkin (kamida dam olish kunlari, xuddi Kiyevdagidek).
Panjaralar va cheklovlar
Toshkentning (va bizning mentalitetning) juda katta kamchiliklaridan biri — yopvolish. Park? Panjara qur atrofiga. Hokimiyat binosi? Panjara qur! Olimpiya qoʻmitasi? Panjara! Aeroport? Iye, panjara va kirishga militsiya xodimini qoʻy! Vokzal? Panjara va bileti borlarniyam passportini 4 marta tekshirib kirit!
Baʼzida hayron qolaman: bong urib mehmondoʻst xalqmiz deyishimiz qayerdayu, bunaqa osmondan olib toʻsiqlar qoʻyishimiz qayerda? Televizorda hamma gapirayotgani kabi men ham aytishim kerak: soʻnggi 2-2,5 yilda Oʻzbekiston batamom oʻzgarib ketdi, faloncha davlatga vizani bekor qildik, falon-falon narsalarda dunyoda yetakchiga aylandik. Lekin: munosabat yangilikdan (yot narsadan) qoʻrqish ustiga qurilgan boʻlsa, “eski davrlar” yana qaytib qolishi hech gapmas.
Suratga olishga qoʻyilgan cheklov ham shunga oʻxshash: haqiqiy xavf tugʻiladigan joylardagina taqiqlanishi yetarli. Bundan tashqari, ushbu taqiq oʻtgan asrdan qolib ketgan: hozirgi texnologiyalar rivojlangan zamonda sezdirmasdan foto/maʼlumot oladigan qurilmalar yetarli. Masalan, shahar hokimiyati hududi ham panjara bilan oʻralgan va suratga olish taqiqlangan (militsiya xodimlari poylab turishadi). Bunaqa holatda hokimiyatning oʻzi misol boʻlishi kerakmasmi?
Dizayn kodeksi (kodi)
Bunda shaharning oʻziga xos dizayn kodi boʻlishi:
- logotipi;
- dizayn tizimi: tipografikasi, peshlavahalar, koʻrsatkichlar, bannerlar kabi;
- yagona navigatsiya tizimi (Moskvadagidek);
- ommabop joylarda shahar xaritasi.
Onlaynda mavjudlik
Qidiruv tizimlarida shaharning asosiy resurslarini yuqoriga koʻtarish lozim. Reklama ham berish kerak boʻladi baʼzida. Shahar haqidagi Vikipediyadagi maqolalarni ingliz, rus tillarida tekshirib, toʻldirib borish, kengroq yoritish. TripAdvisor saytida sayyohlarning savollariga javob beradigan odamlarni tayinlash ham foydali.
Biznes
Tan olish kerak, Toshkent tarixiy obidalarga boy boʻlgan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari bilan raqobat qilolmaydi. Toshkentning asosiy vazifasi — Oʻzbekistonning biznes markazi boʻlish. Bu ham eʼtibor berish lozim boʻlgan katta xususiyat. Asosiy takliflar:
- ixtiyoriy odam uyining bir qismini Airbnb orqali ijaraga bera oladigan boʻlsin;
- va bunda yashash joyi sifatida roʻyxatdan oʻtish talab ham qilinmasin — dunyoning rivojlangan davlatlarida bunaqa eskirgan cheklovlar yoʻq;
- aeroportga biznes kirsin: taksi servislari, mobil operatorlar, oziq-ovqat va h.k. Hozir aeroportdan chiqqanda 3 kilometrga 15 dollar soʻraydigan taksichilar quchoq ochib kutib olishadi. Shaxsan men bunaqa “kiydiradigan” davlatga qaytmasdim turist sifatida.
- va albatta, internet aloqasining tezligi sifatli boʻlishi lozim.
Sanʼat va madaniyat
Maʼnaviyat emas! Shahar va davlatni koʻrish uchun kelayotgan odamlardan bizning (baʼzida axmoqona) tartiblarimizni talab qilishimiz notoʻgʻri. Koʻproq turistlarni jalb qilmoqchimizmi, demak, turli fikrlar, madaniyatlar va oʻzimizga oʻxshamagan odamlarga ochiq boʻlishimiz lozim. Bu boʻyicha takliflar:
- turli festivallar oʻtkazish: koʻcha festivallari juda ajoyib. Festivallarni dunyoning boshqa davlatlarida ham oʻtkazish mumkin: masalan, Nyu-Yorkda. Bu boshqa xalqlarni bizning madaniyatimizga qiziqtirishi mumkin.
- koʻrgazmalar tashkil qilish;
- koʻchada turli konsertlar oʻtkazish;
- koʻcha sanʼati (uylar va devorlarga chiziladigan rasmlar, art-obyektlar) uchun maxsus joylar tashkil qilish: bizdan ham Benksi chiqsin;
- har xil haykallarni (faqat ota-bobolarimizningmas) koʻpaytirish va iloji boʻlsa, katta (Nyu-York yoki Tailanddagidek) haykal yasash.
Munosabat
Va har qanday holatda ham eng muhimi — munosabat. Hozirgi vaziyat oʻzgarmaydi agar:
- hokimiyat prezident qarori bilangina shaharga turistlarni jalb qilish haqida oʻylasa;
- odamlar shahardagi yaxshi oʻzgarishlarni davlatdan kutib oʻtirsa;
- mansabdor shaxslar oddiy odamlarning muammolaridan uzoqdan boʻlsa;
- kalta oʻylash orqali daraxtlarni kesish yoki faqat pulning ketidan quvilsa.
Yuqorida aytganimdek, biz hamma narsani noldan qayta ixtiro qilishimiz shartmas. Shaharsozlik boʻyicha dunyoda tajriba yetarli va shu tajribani qoʻllashdan boshlash mumkin ishni.
Va bunda hammaning komfort zonasi kattaroq boʻlishi kifoya.
Masalan, quyidagi fotolarning birinchisi Shayhontohur tumani hokimiyati yonida olingan (2017-yil): trotuar kir va loy, suv toʻplangan, avtobus bekatidan trotuarga normal oʻtib boʻlmaydi, hamma joyda mashinalar. Katta ehtimol bilan, hokimiyatda ishlaydigan odamlar shu manzarani har kuni koʻradi, lekin bu muammolarni tuzatish “ularning ishimas” va “yuqoridan” buyruq boʻlgandagina qilinadi. Ikkinchi fotoda esa mashina egalarining komfort zonasiga koʻlmakka aylangan trotuar kirmaydi. Boshqa tomondan qaraganda, chapdagi magazinlarning mijozlari aynan shu trotuar orqali yurib (suzib?) borishi lozim va kamida mijozlar uchun trotuarni tuzatish toʻgʻri ish.
Tamom!
30-mart 2019